Huawei talabalarimiz uchun «Kelajak nihollari» ta’lim dasturini boshladi

  •   DiMaX
  •  360
  •  02.11.2020 16:54

Huawei talabalarimiz uchun «Kelajak nihollari» ta’lim dasturini boshladi

Xitoyning telekommunikatsiyalar sohasidagi yetakchi Huawei kompaniyasi «Seeds for the Future» ta’lim loyihasining ochilish marosimini o‘tkazdi. Unda O‘zbekistondagi ta’lim muassasalari va AKT sohasidagi yetakchi tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi, deb yozadi Xabar.uz.

O‘QING: «Huawei Uzbekistan» haqida siz bilmagan faktlar!

Huawei kompaniyasi olti yildan buyon har yili O‘zbekistonda «Seeds for the Future» (Kelajak nihollari) loyihasini amalga oshirib kelmoqda, uning doirasida TATUning 50 nafar talabasi o‘tgan yillar davomida kompaniyaning Xitoydagi shtab-kvartirasida amaliyot o‘tashdi. Dasturda butun dunyodagi 500 dan ortiq universitetlardan jami 30 000 nafar talaba ishtirok etishdi va uning doirasida umumiy hisobda 5770 nafar eng yaxshi talabalar Xitoyga borishga muvaffaq bo‘lishdi.

Butun dunyoda pandemiya tufayli yuzaga kelgan hozirgi vaziyatni hisobga olgan holda, bu yil «Seeds for the Future» loyihasi onlayn tarzda o‘tkazilmoqda, ammo bu uning qiymati va axborot mazmunini mutlaqo kamaytirmaydi. Ayni vaqtda Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti (TATU), Toshkent shahridagi Inha universiteti (TIU) va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari maktabidan tanlab olingan 30 nafar talaba loyiha bo‘yicha o‘qishni boshlamoqda.

O‘zbekistondan borgan ishtirokchilar Tailand va Kambodja talabalari bilan birgalikda 5 kun davomida 5G texnologiyalari, bulutli hisoblash, sun’iy intellekt, HMS bo‘yicha chuqurlashtirilgan kurslarda qatnashishlari, shuningdek Huawei kompaniyasining Xitoydagi shtab-kvartirasi va bazalari bo‘ylab virtual sayohatlarni amalga oshirishlari mumkin. Talabalar shuningdek XXR madaniyati va an’analari bilan ham tanishadilar.

Talabalar yuqori darajadagi interfaollikni ta’minlash maqsadida Huawei kompaniyasining shtab-kvartirasi va mintaqaviy ofislarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar tomonidan o‘tkaziladigan onlayn ma’ruzalarga taklif qilinishdi.

«Biz loyihamizda ishtirok etayotgan talabalar va bo‘lajak axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislariga: «Loyihamizga xush kelibsiz!» deymiz. Pandemiya holatiga qaramay loyiha to‘xtatilmadi va barcha muassasalardagi o‘quv jarayonlarida bo‘lgani kabi onlayn tartibga o‘tdi. Bugungi kunda biz raqamli texnologiyalar yordami bilan o‘quvchilar va o‘qituvchilar qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, ularning barchasi ta’lim olishlari mumkinligini, bu degani, yanada ko‘proq iqtidorli yoshlar bilim olishning, shu jumladan AKT sohasida bilim olishning cheksiz imkoniyatiga ega bo‘lishlari mumkinligini namoyish etmoqdamiz», — deya ta’kidladi Huawei kompaniyasining O‘zbekistondagi direktori janob Lyu Szyasin.

O‘QING: Shavkat Mirziyoyev farmoniga ko‘ra, ikkita uyali aloqa operatori xususiylashtiriladi

Huawei kompaniyasining media-studuyasida olib borilgan onlayn ochilish marosimida AKT sohasiga taaluqli ta’lim dargohlari rahbarlari va soha mutaxassislari ishtirok etib, dastur ishtirokchilarni qo‘llab-quvvatlab, kelajak nihollariga muvaffaqiyat tiladilar. Ochilish marosimiga taklif qilingan mehmonlardan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Qahramon Yuldashev, TATU rektori Sarvar Babaxojayev va prorektori Hayrulla Umarov, Al-Xorazmiy nomidagi maxsus IT maktab direktori o‘rinbosari Sevara Shokirova ishtirok etishdi.

«Huawei ning O‘zbekistonda olib borayotgan 20 yillik faoliyati davomida kompaniya o‘zini ishonchli va uzoq muddatli hamkor sifatida namoyon qildi. Ayni paytda mamlakat AKT sohasiga katta hissa qo‘shib kelmoqda. Men Huawei kompaniyasi Xitoydagi bosh-qarorgohida joylashgan trening markazlari yordamida butun dunyodan talabflarni jamlab, innovatsion texnologiyalarni chuqur o‘rganishga qaratgan sa’y-harakatidan juda hursandman», — dedi Qahramon Yuldashev, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosari.

«Seeds for the Future» loyihasi bo‘lg‘usi AKT mutaxassislari uchun nafaqat kengroq bilim olish imkonini beradi, balki ularga universitetni tamomlagandan so‘ng xuddi 2018 va 2019 yilgi dasturlarning bitiruvchilari kabi O‘zbekistondagi Huawei kompaniyasida amaliyot o‘tash imkoniyatini taqdim etish bilan ularning kelgusidagi muvaffaqiyatlariga katta yo‘l ochib beradi. Xususan, o‘tgan yillardagi bitiruvchilar orasidan ba’zilari allaqachon O‘zbekistondagi Huawei kompaniyasining xodimlariga aylanib ulgurishgan va bu bilan raqamli O‘zbekistonning rivojiga o‘z hissasini qo‘shishda davom etmoqdalar.

«Seeds for the Future» (Kelajak nihollari) — Huawei kompaniyasining korporativ ijtimoiy javobgarlikni bajarish doirasida amalga oshiradigan global dasturidir. 2008 yilda Huawei kompaniyasining shtab-kvartirasi tomonidan ishga tushirilgan ushbu loyiha AKT sohasidagi mahalliy iste’dodlarni rivojlantirish, ularning dunyoqarashi va bilimlarini kengaytirish, iste’dodli yoshlar o‘rtasida telekommunikatsiya sohasiga bo‘lgan chuqur tushuncha va qiziqishni shakllantirishga qaratilgan. Shuningdek, loyiha mintaqaviy o‘zaro aloqalarni va raqamli hamjamiyatdagi ishtirokni yaxshilash va rag‘batlantirishga yordam beradi.

O‘QING: Yurtimizda Wi-Fi texnologiyalarini rivojlantirish uchun yana bir qulaylik!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!