Huawei uchta smartfonini 4G-versiyada – HarmonyOS bilan va arzonroq chiqardi!

  •   DiMaX
  •  736
  •  19.06.2021 13:01

Huawei uchta smartfonini 4G-versiyada – HarmonyOS bilan va arzonroq chiqardi!

Xitoylik texnogigant bultur Huawei P40 turkumida oltita modelda smartfon taqdim etgan edi. Bu yil fevralning oxirida shu oilaning yettinchi vakili – Huawei P40 4G modelini chiqargan bo‘lsa, mart oyida Mate 40E 5G modelini taqdim etdi. Shuningdek...

O‘QING: Huawei kutilmaganda Mate 40 Pro flagmani va Mate X2 buklamafonini arzon versiyalarda chiqardi!

Mazkur kompaniya endi ikkita flagmani – Huawei Mate 40 Pro hamda Mate 40E modellarini, shuningjek, o‘rta narxli Nova 8 Pro smartfonini yangi versiyalarda qayta chiqardi. Yangi qurilmalar kompaniyaning o‘z ishlanmasi – HarmonyOS 2.0 operatsion tizimida ishlashidan tashqari, 5G qo‘llovidan voz kechilgani evaziga narxi ham arzonroqdir.

Protsessorlari jamlanmasidan 5G-modem olib tashlanganini aytmasa, bu smartfonlarning texnik xususiyatlari original versiyalaridan umuman farq qilmaydi. Ulardan eng zo‘ri – Huawei Mate 40 Pro 4G flagmani o‘sha-o‘sha Kirin 9000 platformasi bilan, 8/128 GB va 8/256 GB xotira konfiguratsiyali variantlarda taqdim etilgan. Huawei Mate 40E 4G esa Kirin 990E protsessori bazasida tayyorlanib, 8 gigabaytlik tezkor hamda 128/256 gigabaytlik ichki xotirali variantlarda namoyish qilingan. Huawei Nova 8 Pro 4G modeli ham shunaqa xotirali konfiguratsiyalarda, Kirin 985 chipseti bilan chiqarilgan.

O‘QING: HarmonyOS 2.0 hamda iOS 15 ishlash ravonligini «jonli» videoda taqqoslab ko‘rsatishdi!

Eng muhimi – narxlariga keladigan bo‘lsak, Huawei Mate 40 Pro 4G bazaviy modifikatsiyada 946 dollarga baholangan, bu esa flagmanning 5G-versiyasidan 62 dollarga arzon.

Huawei Mate 40E 4G boshlang‘ich modifikatsiyasi uchun kompaniya $651 miqdorida narx belgilagan, uning original modeli narxi esa 713 dollardan boshlanar edi.

Huawei Nova 8 Pro 4G smartfonining eng kam xotirali varianti uchun ishlab chiqaruvchi 574 dollar so‘rayapti, bu esa standart modeldagisidan 47 dollarga arzon narxdir.

Har uchala arzonlashtirilgan smartfon ham allaqachon Xitoyda savdoga chiqarilgan.

O‘QING: HarmonyOS 2.0 qanday ishlashini Android bilan «jonli» videoda taqqoslab ko‘ramiz!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!