Huawei umuman teginmasdan boshqariluvchi smart-soat tayyorlamoqda

  •   DiMaX
  •  2610
  •  08.02.2018 12:55

Huawei umuman teginmasdan boshqariluvchi smart-soat tayyorlamoqda

Smartfonlar va planshetlardan tashqari, taqiluvchi gadjetlar – «aqlli» soatlar va fitnes-bilaguzuklar ham bozori chaqqon mahsulotlar hisoblanadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, yetakchi texnologik kompaniyalar bu sohadagi izlanishlarga katta e’tibor bilan qarashadi.

O‘QING: Samsung Gear S4 smart-soati Apple Watch’dan har tomonlama ustun bo‘ladi

«Aqlli» soatlarning asosiy muammosi – displeyning kichikligidir. Shu bois ham kafti yirik, barmoqlari yo‘g‘on kishilar uchun ularni boshqarish noqulaylik tug‘dirib keladi. Ammo xitoylik texnogigant bu masalaning o‘zgacha, umuman kutilmagan yechimini topgan ko‘rinadi.

Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO) tomonidan Huawei kompaniyasiga berilgan patent hujjatlarida antiqa smart-soat tasvirlangan. Bu devaysni boshqarish uchun uning ekraniga yoki hatto korpusiga ham tegish shart bo‘lmaydi.

O‘QING: Apple qanday gadjetlar bozorida Xiaomi’dan oldinga o‘tib oldi?

Patent tavsifiga ko‘ra, Huawei’ning yangi smart-soati shunday sensor bilan jihozlanganki, u barmoqlarning soat ekrani yaqinida – havoda harakatlanishini qayd etadi. Havodagi shu barmoq ishoralari asosida u tegishli buyruqlarni qabul qiladi va bajaradi. Silash, bosish, ketma-ket ikki marta bosish, bosib ushlab turish singari an’anaviy ishoralardan tashqari, mazkur datchik havoda «yozilgan» belgilar va harflarni ham anglay oladi.

Afsuski, ekrandagi tasvirning o‘zi havoda paydo bo‘ladimi, yoki bu rasmlarda shunchaki sensorning ta’sir hududi ko‘rsatilganmi – patent hujjatlaridan buni anglash imkoni yo‘q. Lekin mazkur devays Huawei Watch 3 bo‘lsa, uning batafsil xususiyatlari bilan tez orada tanishsak kerak. Zero, bu smart-soatning taqdimoti yaqin – u MWC 2018 ko‘rgazmasida namoyish etilishi kutilmoqda.

O‘QING: Apple Watch’dan uch karra arzon, 45 kun avtonom ishlaydigan smart-soat taqdim etildi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!