Huawei va BYD hamkorligida Harmony OS tizimli ilk avtomobil va yangi smartfon chiqdi

  •   DiMaX
  •  907
  •  14.07.2020 14:00

Huawei va BYD hamkorligida Harmony OS tizimli ilk avtomobil va yangi smartfon chiqdi

Xitoyning telekommunikatsiya giganti o‘zining turli qurilmalarga tushadigan Harmony OS operatsion tizimini taqdim etgan. Avvalroq Huawei shu tizimini kompyuter va noutbuklar bozoriga chiqarayotgani haqida yozgandik.

O‘QING: Android smartfonlarni Harmony OTga o‘tkazishga qancha vaqt ketishi aytildi

Huawei korporatsiyasi va xitoylik avtomobilsoz – BYD kompaniyasi maxsus tadbirda hamkorlikning natijasini e’lon qilishdi. Ya’ni, ular universal Harmony OS operatsion tizimi boshqaruvi ostida ishlovchi dunyodagi birinchi avtomobilni namoyish etishdi. BYD Han deb nomlangan ushbu mashina beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘i – 5G standartini qo‘llab-quvvatlaydi.

Bundan tashqari, yangi mahsulot Huawei HiCar platformasi bazasidagi ilk tijoriy model ham hisoblanadi. Bu – Google taqdim etgan Android Auto hamda Apple namoyish qilgan CarPlay platformalarining yanada takomillashgan variantidir.

Android Auto hamda CarPlay avtomobilning multimedia konsoli orqali faqat ilovalarga kirishni ta’minlasa, Huawei HiCar mashinaning turli funksiyalarini boshqarish imkonini beradi. Masalan, mobil qurilma orqali avtomobilning eshiklarini bloklash, derazalarini ko‘tarish-tushirish, salon iqlimini boshqarish va boshqa ishlarni bajarish mumkin.

O‘QING: Alibaba’da hatto flagman smartfonlardan ham arzon elektromobil sotilyapti! (+«jonli» video)

BYD Han taqdimoti sharafiga xitoylik texnogiganat Huawei P40 flagmanining maxsus versiyasini ham namoyish etdi. Uning korpusi orqa panelida elektrokar tasviri tushirilgan, proshivkasida esa avtomobilni boshqarish uchun tegishli ilova o‘rnatilgan. Uning standart smartfondan boshqa farqlari hozircha ma’lum qilinmagan.

BYD Han avtomobilining hamda uni boshqarish imkoniga ega bo‘lgan maxsus talqindagi Huawei P40 smartfonining narxi, ularning sotuvga chiqarilish vaqti ham hali aytilmagan.

Xabarga ko‘ra, HiCar tizimi kelajakda Audi, BYD, GAC va BAIC singari o‘ttizdan ziyod avtomobilsozning jami 120 dan ortiq modellardagi mashinalarida qo‘llanadi.

Darvoqe, O‘zbekistonda elektromobillar uchun shoxobcha va servis markazlari qachondan barpo etilayotganidan xabaringiz bormidi?

O‘QING: Toshkentda elektrokarlar taksi sifatida xizmat qiladi!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.