Huawei’dan yangi hamyonboplar: Nova 7 turkumida uchta 5G-smartfon va MatePad plansheti (+videolar)

  •   DiMaX
  •  3651
  •  24.04.2020 18:25

Huawei’dan yangi hamyonboplar: Nova 7 turkumida uchta 5G-smartfon va MatePad plansheti (+videolar)

Xitoylik texnogigant Nova 7, Nova 7 SE hamda Nova 7 Pro rusumli arzon flagmanlarini tayyorlagani haqida yozgandik. Kecha – 23 aprel kuni Huawei bular bilan birga hamyonbop MatePad planshetini ham namoyish qildi.

O‘QING: Bu smartfon DxOMark reytingida Xiaomi va OPPO’ning eng zo‘r flagmanlarini ortda qoldirdi!

Nova 7 Pro

Yangi turkumning eng ilg‘or vakili Nova 7 Pro bo‘lib, u diagonaliga 6,57 dyuymlik, chekkalari qayrilgan OLED-ekranga ega. tasvir aniqligi 2340x1080 piksellik displeyga daktiloskop ham o‘rnatilgan va qo‘shaloq (32 + 8 MPlik) selfi-kamera uchun oval tirqish ochilgan.

Nova 7 Pro samaradorligiga Kirin 985 protsessori hamda 8 gigabaytlik «operativka» mas’ul. Smartfonni doimiy xotirasi 128 va 256 gigabaytlik variantlarda chiqarishyapti, ularga tegishlicha 523 va 580 AAQSh dollariga teng narx belgilangan.

Yangi hamyonbop flagmanning bosh kamerasi to‘rttalik: 64 MPlik asosiy + 8 MPlik keng burchakli + 8 MPlik telefotomodul + 2 MPlik makrokamera. Unda optik barqarrlashtirish tizimi, shuningdek, 5 karralik optik, 10 karralik gibrid va 50 karralik raqamli zum mavjud.

Nova 7 Pro avtonomligiga 4000 mA/soatlik akkumulyator javobgar; USB-C porti orqali u 40 vattlik usulda tezkor quvvatlanadi. Smartfonga Wi-Fi 5, Bluetooth 5.1 hamda NFC interfeyslari qo‘shilgan. Huawei unga Android 10 bazasidagi EMUI 10.1 grafik qobig‘ini o‘rnatib chiqargan.

O‘QING: Honor 30, 30 Pro va 30 Pro+ taqdim etildi: 424 dollardan boshlanuvchi 5G-flagmanlar!

Nova 7

Bu smartfon yangi turkumning standart va o‘rtacha vakili bo‘lib, diagonaliga 6,53 dyuymlik OLED-displeyga ega. Nova 7ekrani qayrilma emas, tasvir aniqligi ham 2400x1080 piksellik bo‘li, undagi tirqishga 32 MPlik yakka selfi-kamera o‘rnatilgan.

Bosh kameradagi sensorlar jamlanmasi xuddi Nova 7 Pro modelidagi kabi, faqat zum masalasida kamtarroq: 3 karralik optik, 5 karralik gibrid va 20 karralik raqamli zum.

Nova 7 boshqa barcha xususiyatlariga ko‘ra Pro-versiyasi bilan bir xil; narxi esa 8/128 gigabaytligi uchun 425 dollar, 8/256 gigabaytligi uchun 480 dollar qilib belgilangan.

O‘QING: Kutilmaganda hamyonbop Honor 9X Lite taqdim etildi, tag‘in Google servislari bilan!

Nova 7 SE

Yangi turkumning ushbu eng arzon vakiliga IPS-displey o‘rnatilgan – diagonaliga 6,5 dyuymlik, tasvir aniqligi 2400x1080 piksellik. Selfi-kamera 16 megapiksellik aniqlikda. Ikkita «og‘a»sidan farqli ravishda, Nova 7 SE barmoq izi skaneri ekranga emas, balki korpusning yon qirrasiga joylangan. Protsessori ham kamtarona – Kirin 820 chipseti, lekin uyam 5G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi.

Nova 7 SE bosh kamerasi ham to‘rtta datchikdan iborat: 64 MPlik asosiy + 8 MPlik keng burchakli + 2 MPlik makromodul + 2 MPlik chuqurlik sensori. Batareyasi ham shunday – 40 vattlik tezkor zaryadlanuvchi 4000 mA/soatlik akkumulyator. Narigi ikkita modelidan farqli ravishda, SE-versiyada NFC-chip yo‘q, ammo 3,5 millimetrlik quloqchin tirqishi bor. Huawei uning 8/128 gigabaytlik variantini 340 dollardan, 8/256 gigabaytligini esa 396 dollardan sotyapti.

Har uchala modeldagi Nova 7 smartfonlari Google servislaridan mahrum etilgan. Ular uchun Xitoyda allaqachon oldindan buyurtma olishyapti, ochiq savdoga esa 28 apreldan chiqadi.

O‘QING: Eng qimmat Huawei hamda Xiaomi flagmanlarining kamera jangi! («jonli» video)

Huawei MatePad

Xitoylik texnogigant o‘tgan yilning noyabrida aypadlar bilan raqobatlasha oluvchi MatePad Pro planshetini namoyish etgan edi. Endi esa uning soddalashtirilgan va arzon versiyasi – Huawei MatePad ham dunyo yuzini ko‘rdi.

Bu gadjet diagonaliga 10,4 dyuymlik IPS-displeyga ega. Ekran aniqligi 2000x1200 piksellik, maksimal yorqinligi – 470 nit. Uning «elektron yuragi» sifatida Kirin 810 protsessori tanlangan. Huawei MatePad tezkor xotirasi 4/6 gigabaytlik, ichki xotirasi esa 64/128 gigabaytlik variantlarda chiqyapti. Uning avtonomligini ta’minlovchi 7 250 mA/soatlik akkumulyator USB-C portidan 18 vattlik tezkor quvvatlanadi.

Huawei MatePad devaysining old va orqa kameralari bir xilda 8 megapiksellik datchiklarga ega, faqat bosh kamera LED-fotochaqnoq bilan to‘ldirilgan. Unda ikki diapazonli Wi-Fi 802.11ac, Bluetooth 5.1, GPS / GLONASS hamda LTE (ayrim variantlarida) modullari mavjud. Shuningdek, naq to‘rtta Harman Kardon dinamigi va to‘rtta mikrofoni ham bor, stilus bilan ishlay oladi.

Xitoyda bu planshetni 26 apreldan sota boshlashadi; uning Wi-Fi’da ishlovchi versiyasi 4/64 GBlik konfiguratsiyada 286 dollar, 6/128 GBlik konfiguratsiyada esa 310 dollar turadi. SIM-karta tushadigan (LTE modulli) va 6/128 GBlik xotiraga ega MatePad uchun esa 353 dollar so‘rashyapti.

O‘QING: DxOMark’ning biryo‘la ikkita reytingida taxtni zabt etgan yangi flagman bilan tanishing! (+video)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!