Humo: milliy messenjer yoki ko'chirmachilik mahsuli?

Humo: milliy messenjer yoki ko'chirmachilik mahsuli?

Globallashuv kundan-kunga kuchayib borar ekan har bir davlatga o'z fuqarolari bilan suhbatlari kuzatilishidan qo'rqmasdan muloqot qilishi yoki shaxsiy ma'lumotlari sizib ketishining oldini olish uchun o'zining milliy messenjer va ijtimoiy media platformalariga ega bo'lishi tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu sabab ham o'tgan yilning 23-iyulida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to'g'risidagi 357-son qarori imzolandi. Unga ko'ra, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari, ularning xodimlari o'rtasida xizmat yozishmalarini himoyalangan tarzda amalga oshirish uchun milliy messenjerni ishlab chiqish va joriy etish ko'zda tutilgan.

Ma'lum bo'lishicha, yuqoridagi qarorga muvofiq Unicon-Soft MCHJ tomonidan "Humo" nomli messenjer ishlab chiqilgan (Xushnudbek.uz orqali). U barchamizga tanish bo'lgan, ochiq kodli Telegram messenjeriga asoslangan holda yoxud u bilan deyarli bir xil ko'rinishda yaratilgan.

""Ooo, zo‘rku, vanihoyat milliy messenjer ishlatar ekanmiz" deya xursand bo‘lib, o‘sha dasturni ishlatmoqchi bo‘ldim. Ammo dasturni ochishim bilan, bu Telegrammi yoki Humomi, deb adashib qoldim. Shovvozlarimiz birga-bir Telegramdan ko‘chirishibdi. Yana nomi O‘zbekistonning milliy messenjeri emish... )))", – deydi Xushnudbek o'z Telegram kanalida.

Haqiqatda, hozirda faqat Windows va Android qurilmalar uchun mavjud bo'lgan Humo ilovasini hozirgi Telegram versiyasidan ajratish qiyin. Agar ilova logotipi va uning ichidagi ikonkalarning o'zgartirilganligini hisobga olmasak, uni Telegram'ning o'zginasi deyish mumkin. Funksiyalarga keladigan bo'lsak, messenjerda Telegram'ning eng bazoviy funksiyalari qoldirilgan. Kanal ochish, o'z-o'zini yo'q qiluvchi xabarlar yuborish va xabarlarga reaksiya bildirish kabi xususiyatlar olib tashlangan. Bu xuddi Telegram'ning faqat suhbatlashish uchun chiqarilgan versiyasiga o'xshaydi.

Ta'kidlash joizki, telefondagi oddiy SMS'lashuvdan farq qilmaydigan Humo milliy messenjeri bepul emas: undan foydalanish uchun abonent to'lovi mavjud bo'lib, u har bir foydalanuvchi uchun 25,200 so'mni tashkil qiladi. O'zi shundoq ham bir dunyo foydali xususiyatlarga ega Telegram messenjerining yana qo'shimcha funksiyalar jamlangan Premium obunasi esa oyiga atigi 33 ming so'mni tashkil qiladi.

Ehtimol, Humo messenjeri hamma uchun chiqarilmagan. U faqat har bir xodimi uchun pul to'laydigan davlat tashkilotlar uchun chiqarilgan. Ana shunday tashkilotlarda xabar alishish uchun Telegram va uning boshqa kliyentlaridan foydalanish taqiqlansa ham hayron bo'lmaslik kerak. 

Humo messenjeri nima uchun ishlab chiqarilgan degan savolga esa uni ishlab chiqaruvchi MCHJ bo'lim boshlig'i Muzaffar Rahimberdiev shunday javob beradi:

"Telegram serverlari bizda, O'zbekiston hududida joylashmaganligi uchun (uni) xavfsiz deb ayta olmaymiz. Ya'ni ma'lumotlar tashqariga chiqib ketishi mumkin. Ya'ni boshqa chet davlatlarining serverlarida turibdi. Shuning uchun o'zimizning milliy va xavfsiz messenjer ishlab chiqildi."

Ha, Telegram'da sizning xabarlaringiz bir emas, bir nechta chet davlatlaridagi serverlarda saqlanadi, lekin ular shifrlangan bo'ladi. Xabarlaringiz boshqalar kuzatuvidan xavfsiz bo'lishi uchun ularni ochish kalitlari bir nechta qismlarga bo'lingan holda turli mamlakatlardagi turli serverlarda saqlanadi. Bu shuni anglatadiki, garchi Telegram'ning ma'lum bir davlatdagi serveri olib qo'yilgan taqdirda ham, qolgan serverlarsiz hech kim sizning xabarlaringizni o'qiy olmaydi.

Telegram mobil ilovasining Secret Chats funksiyasi bilan boshlangan har bir chat bilan esa siz to'liq xabarlaringiz ustida to'liq maxfiylikka ega bo'lishingiz mumkin. Bunda xabarlaringiz faqatgina siz va ikkinchi tomon qurilmasida oxirigacha shifrlangan holda saqlanadi, lekin bunda siz chatga boshqa qurilmalaringizdan kira olmaysiz. Shunday ekan, agar xabarlaringiz Telegram serverlarida saqlanishini xohlamasangiz boshqa messenjerga o'tishga yoki boshqa messenjer yaratib olishgan aslo hojat yo'q.

Eslatib o'tish joizki, o'tgan yilning iyul oxirida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan "Milliy messenjer va ijtimoiy tarmoqlar bo'yicha startap loyihalar" mavzusidagi startap loyihalar tanlovi boshlangan edi. Biroq o'tgan yilning oktabr oyida tugashi kerak bo'lgan tanlov natijalari haqida hech qanday ma'lumot berilmadi.

O'QING: Nega aksar yirik kompaniyalar ko‘plab xodimlarini ishdan bo‘shatishyapdi?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!