IBM eng mitti – 1x1 millimetrlik nano-kompyuterni taqdim etdi

  •   DiMaX
  •  1593
  •  20.03.2018 10:03

IBM eng mitti – 1x1 millimetrlik nano-kompyuterni taqdim etdi

Kompyutersozlik sanoatining taniqli va qadimiy vakillaridan biri – IBM kompaniyasi dunyodagi eng kichkina kompyuterni yasaganini ma’lum qildi. Hozircha nomsiz bo‘lgan bu qurilmaning o‘lchamlari atigi 1x1 millimetrni tashkil etadi.

O‘QING: Q-Stick – 8 GB «operativka»li kompyuter-brelok (+video)

Kompaniya bu kompyuterini osh tuzi kristallariga o‘xshatmoqda, deb yozadi Mashable nashri.

Garchi o‘lchami o‘ta kichkina bo‘lsa-da, bu – to‘laqonli kompyuterdir: uning o‘z protsessori, SRAM turiga mansub xotirasi, kommunikatsiya moduli va quvvatlash tizimi mavjud. IBM uning hech bir parametrini aniq aytmayapti, faqat bu nano-kompyuter ishlash samaradorligi o‘tgan asrning 90-yillarida ommalashgan, x86-protsessorli kompyuterlar darajasida ekanini ta’kidlamoqda. Agar o‘sha davrlarda birinchi va ikkinchi avlod Pentium protsessorlari ham taqdim etilganini inobatga olsak, IBM ta’kididagi mavhumlik yanada ortganini anglaymiz.

Shuningdek, IBM kompaniyasining ta’kidlashicha, nano-kompyuter mikrosxemasi bir necha yuz ming tranzistorni o‘z ichiga olgan.

O‘QING: Jahonning eng mitti mobil kompyuteri sotuvga chiqdi

Mitti kompyuterning tannarxi ham ma’lum qilingan – ommaviy ishlab chiqarishga joriy etilsa, uning bir donasi atigi 0,1 AQSh dollariga tushadi! Ha, yangi nano-kompyuterning tannarxi atigi o‘n sent, ya’ni taxminan 820 so‘mga teng bo‘ladi!

Bundan tashqari, yaratilgan mitti gadjet shunchaki konsept ham emas – IBM so‘zlariga ko‘ra, keyingi besh yil mobaynida hamma joylarda ayni shunday yechimlar joriy etiladi.

Nano-kompyuterlar bajara oladigan vazifalar ham turli-tuman: tovarlarning yetkazilishini kuzatib borish; o‘g‘irliklar, firibgarlik holatlari va tegishli me’yorlarga rioya etilmasligini aniqlash; «sun’iy idrok»ning asosiy vazifalari, ma’lumotlarni saralash va hokazo.

O‘QING: Dunyodagi eng mitti telefon taqdim etildi (+video)