ICQ New: afsonaviy messenjer «aqlli» bo‘lib «qayta tug‘ildi»!

  •   DiMaX
  •  969
  •  06.04.2020 15:00

ICQ New: afsonaviy messenjer «aqlli» bo‘lib «qayta tug‘ildi»!

Nisbatan katta avlod vakillari yaxshi biladigan ICQ ilovasi Isroilning Mirabilis kompaniyasi tomonidan 1996 yili yaratilgan. Rusiyzabon internetda, shuningdek, o‘zbekistonlik foydalanuvchilar orasida u eng ommalashgan birinchi messenjerlardan bo‘ladi.

O‘QING: Karantin davrida bu ilovalar bir yarim baravarga ommalashdi!

Ushbu dastur bir necha marta egasini almashtirib kelgan, nihoyat 2010 yili uni Mail.ru Group sotib olgan edi. Oradan naq o‘n yil o‘tgach, kompaniya bu messenjerni yangilab, nomini ham ICQ New shakliga o‘zgartirib taqdim qildi.

Yangilangan messenjerning o‘ziga xosliklari qatorida sun’iy intellekt, yangi interfeys hamda vizual uslubni sanab o‘tish mumkin. ICQ New funksiyalaridan biri – sun’iy idrok yordamida yo‘lga qo‘yilgan Smart Reply tezkor javoblar tizimidir. Neyrotarmoq suhbat kontekstidan kelib chiqib, foydalanuvchiga sun’iy ong yordamida tayyorlangan qisqa jumlalar shaklidagi javoblarni hamda stikerlarni taklif etadi. Agar yuzer xabar matnini o‘zi tera boshlasa, messenjer unga so‘zlar, jumlalar yoki emodzilar o‘rniga mazmunga mos stiker variantlarini taklif qiladi. ICQ New audioni avtomatik tarzda matnga aylantirib berishi ham uning kuchli jihatlaridan biridir.

O‘QING: Putin «Rossiyalik Ilon Mask»ni e’lon qildi

ICQ New’da bot yaratish uchun platforma ham mavjud: dasturchilar o‘z ishlarini avtomatlashtirishlari, boshqa foydalanuvchilar uchun foydali funksiyalarni qo‘shib, servis rivojiga hissa qo‘shishlari mumkin.

ICQ New yordamida endi 30 nafargacha foydalanuvchi ishtirokida guruhli qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirsa bo‘ladi. Guruhli chatlar ishtirokchilari esa yigirma besh mingga ham borishi mumkin! Messenjerda yana kanallar ochish imkoni taqdim etilgan.

O‘QING: Kompyuter uchun 5 ta bepul Android emulyatori

Xavfsizlik masalasiga ham ICQ New’da jiddiy qaralgan – foydalanuvchilar endi o‘zlariga qilinadigan qo‘ng‘iroqlarni cheklay oladilar, guruhga qo‘shishlarni taqiqlash mumkin. Kishining telefon raqami, hatto bitta guruhda bo‘lsalar ham, notanish foydalanuvchilarga ko‘rinmaydi. Qo‘shimcha himoya tarzida messenjerda PIN-kod tayinlash imkoniyati bor – har gal ilovani ochishda uni qayta terish talab etiladi.

ICQ New ilovasini rasmiy saytidagi havolalar orqali kompyuter yoki noutbukka, shuningdek, mobil qurilmalarga o‘rnatib olish, shuningdek, istalgan brauzer orqali uning web-versiyasidan foydalanish mumkin.

O‘QING: Yevrokomissiya: «Smartfoningizdan bu uchta ilovani tezda o‘chirib tashlang!»

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.