iFixit reytingi: 2019 yilning eng ta’mirga yaroqli va yaroqsiz gadjetlari (+video)

  •   DiMaX
  •  1669
  •  20.01.2020 17:01

iFixit reytingi: 2019 yilning eng ta’mirga yaroqli va yaroqsiz gadjetlari (+video)

Raqamli elektrotexnika qurilmalarining ta’mirga yaroqliligini baholashga mo‘ljallangan iFixit laboratoriyasi haqida eshitgansiz. Uning turli qurilmalarni ochib ko‘rsatganligi haqida bir qator xabarlar e’lon qilganmiz.

O‘QING: EKSKLYuZIV VIDEO: iPhone XS’ni ochib ko‘rishdi – hammasidan ham akkumulyatori antiqa ekan!

iFixit o‘tgan yilning yakunlarini videorolik formatida e’lon qildi – unda 2019 yili taqdim etilgan turli original gadjetlar bo‘yicha xulosalar berilgan. Kompaniya ekspertlari ochib ta’mirlash eng oson bo‘lgan devayslar hamda eng remont qilib bo‘lmaydigan qurilmalarni aytishgan.

Oson sozlanadigan gadjetlar reytingida o‘tgan yilning avgustida namoyish etilgan Fairphone 3 rusumli smartfon yetakchilik qilgan. Modulli konstruksiyasi tufayli uni hatto uy sharoitida ham qismlarga osongina ajratish mumkin, qismlarini uchun esa texnikadan salgina xabari bor bo‘lgan istalgan kishi almashtira oladi. Xullas, o‘n ballik iFixit remontga yaroqlilik shkalasi bo‘yicha u maksimal – 10 ball olgan.

O‘QING: Meizu 16’ni buzib ko‘ramiz: xo‘sh, xitoylik flagman o‘zida nimalarni yashirmoqda?

Ta’mirga yaroqlilik bo‘yicha ikkinchi o‘rin Apple o‘tgan yili taqdim etgan, o‘ziyam naq bitta uy narxidagi desktop kompyuter – Mac Pro (2019) modeliga nasib etgan. Kompaniyaning boshqa qurilmalari orasida u maksimal sodda komponovkasi bilan ajralib turadi, uning «ichki dunyosi»ga kirish uchun maxsus jihozlar talab etilmaydi. iFixit mutaxassislari unga remontga yaroqlilik bo‘yicha 10 ballik tizimda 9 ball berishgan. Kuchli uchtalikni esa Xbox One S All Digital Edition o‘yin konsoli 8 ball bilan yakunlab turibdi.

Eng ta’mirlab bo‘lmaydigan devays ham Apple korporatsiyasiga tegishli – AirPods Pro bu shkalada... 0 ball olgan! Holbuki, kupertinoliklarning eng ko‘p sotilayotgan gadjeti ayfon yoki kompyuter emas, balki aynan butkul simsiz quloqchinlaridir!

«Tishlangan olmali» kompaniyaning 16 dyuymlik Apple MacBook Pro (2019) noutbuki bu reytingda 1 ball, Samsung Galaxy Fold buklamafoni esa 2 ball bilan bu «yaroqsiz uchtalik»ka kirgan.

iFixit ekspertlari Microsoft Surface Laptop 3 noutbukini alohida ta’kidlashgan – garchi atigi 5 ball olgan bo‘lsa-da, mazkur turkumdagi ta’mirlab bo‘ladigan ilk qurilma ekan.

O‘QING: O‘n yillikning eng muhim yuzta gadjeti reytingi: yetakchi – salkam o‘n yillik smartfon!