Ijtimoiy tarmoqlarni bir soatga bloklash qanchaga tushadi?

  •   DiMaX
  •  2027
  •  22.07.2019 10:34

Ijtimoiy tarmoqlarni bir soatga bloklash qanchaga tushadi?

Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida Markaziy Osiyo ommaviy axborot vositalarining XXI mintaqaviy «Raqamli transformatsiyalar sharoitida ommaviy axborot vositalari erkinligi va fikrlar xilma-xilligi» nomli xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda internet-nashrlar orqali yolg‘on (feyk) axborotlarning tarqalishi muammosi ham o‘rtaga tashlandi, deb yozadi O‘zA.

O‘QING: Facebook va Youtube bir kun bloklanishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga qancha zarar yetkazadi?

Qozog‘istonlik media-mutaxassis Bota Ayazbayevaning dalolat berishicha, mamlakatda ijtimoiy tarmoqlarni bir soatga bloklab qo‘yish 7 milliard AQSh dollariga tushishi haqida yanglish ma’lumot tarqalgan. Keyinchalik esa aslida 7 milliard dollar ijtimoiy tarmoqlarni emas, butunlay internetni bir soatga o‘chirishning zarar miqdori ekanligi aniqlangan.

Ammo, bu ma’lumot to‘g‘rilanib ulgurmasdan barcha internet saytlari orqali yashin tezligida tarqalib bo‘lgan. Joriy yilning 9 may sanasida Qozog‘istonda bir soat davomida WhatsApp, Telegram, Twitter, Facebook ijtimoiy tarmoqlariga ulanish qiyinlashgan. Bota Ayazbayevaning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonda ham ijtimoiy tarmoqlarda faol fuqarolik jurnalistika (citizen journalizm) rivojlanmoqda. Ayniqsa saylov oldi va saylovlar jarayonida fuqaroviy jurnalistika faollashgani yaqqol sezilgan.

Shuningdek, joriy yil boshidan hozirgacha Qozog‘istonda 10 mingdan ziyod saytlar bloklangan. Ularning faqatgina 1126 tasi sud qarori bilan amalga oshirilgan. Qolgan 9 mingta saytlar boshqa davlat organlari tomonidan bloklangani aytiladi. Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda sud qarorisiz, xavfsizlik organlari tavsiyasi bilan ham saytlar bloklanishi mumkin.

O‘QING: Qo‘shni mamlakatda barcha yirik qidiruv saytlari bloklandi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!