Ikki ekranli Meizu Pro 7 tizeri va u olgan ilk suratlar e’lon qilindi

Ikki ekranli Meizu Pro 7 tizeri va u olgan ilk suratlar e’lon qilindi

Xitoyning nomi chiqqan smartfonsozlaridan biri bo‘lgan Meizu kompaniyasi o‘zining navbatdagi -- Meizu Pro 7 flagmanini taqdimotga tayyorlamoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, mobil aloqa vositasi 26 iyulda namoyish qilinadi. Gadjetdagi muhim o‘ziga xoslik -- orqa paneldagi qo‘shimcha kichik displeydir.

21 iyulda ishlab chiqaruvchi tomonidan smartfonning grafik tizerini, ya’ni taqdimot oldi jamoatchilik o‘rtasida qiziqish uyg‘otuvchi reklama banneri e’lon qilindi.

Kutilganidek, Meizu Pro 7'ning qo‘shimcha mitti ekrani ushbu reklama banneri diqqat-markazida bo‘ldi. Suratga ko‘ra, korpusning orqa panelidagi bu ekran rangli bo‘ladi. Bu displey bois endi bosh kamera ham selfi muxlislari xizmatida bo‘ladi. Shuningdek, unda o‘yin o‘ynash va boshqa amallarni bajarish ham mumkin.

Smartfonning boshlang‘ich talqin platformasida 10 yadroli MediaTek Helio X30 protsessori, Plus modelida esa Samsung Exynos 8895 chipi o‘rnatiladi. Smartfonda 4/6/8 gigabaytgacha bo‘lgan tezkor xotira o‘rnatiladi. 

Shuningdek, 3000 mA soat yoki 3500 mA soat "quvvat toshi"dan kuch oladigan smartfonda jahonning eng ilg‘or quvvat olish texnologiyasi -- mCharge tatbiq qilinadi.

Meizu Pro 7 Plus 5,2-dyuymli, Super AMOLED displeyli va 4K Ultra HD (3840 x 2160 pikselli) sig‘imli ekranga ega bo‘ladi. Shuningdek, bu ilg‘or ekranda "always on", ya’ni sana va boshqa ma’lumotlarni ko‘rsatuvchi muntazam faol qism joriy qilinadi.

Oddiy Meizu Pro 7 esa 5,2 dyuymli, Full HD (1920 x 1080 pikselli) sig‘imli ekran bilan ta’minlanadi.

Meizu Pro 7 smartfoni talqinidan kelib chiqib 486 dollardan 560 dollargacha, Meizu Pro 7 Plus — 500 dollardan 550 dollargacha sotiladi.

Flagmanning ikkinchi o‘ziga xos jihati sifatida Sony IMX386 va IMX286 sensorlari bazasida ishlaydigan 12 megapikselli kameralari aytilmoqda. Old kamera ham yomon emas — 16-megapikselli.

Meizu 20 iyulda yangi smartfonida olingan bir nechta suratlarni e’lon qildi. Hozircha smartfon kamerasi borasida batafsil jihatlar ma’lum emas. Biroq, bosh kamera yonidagi qo‘shimcha displey ishlab chiqaruvi tomonidan qoyilmaqom yechim bo‘lgan va yorqin selfilar olish uchun ayni muddao.

Meizu Pro 7'da olingan ilk suratlarga baho bering.