Ilk buklama 5G-smartfon – FlexPai bugundan sotuvga chiqdi, lekin bu Samsung ham, Huawei ham emas! (+«jonli» videolar)

  •   DiMaX
  •  2459
  •  01.11.2018 11:39

Ilk buklama 5G-smartfon – FlexPai bugundan sotuvga chiqdi, lekin bu Samsung ham, Huawei ham emas! (+«jonli» videolar)

Janubiy koreyalik texnogigant o‘zining egiluvchan ekranli buklanuvchi smartfoni – Galaxy X modelini shu oyda taqdim etmoqchi ekanidan xabaringiz bor. Shuningdek, Huawei bu borada birinchilik uchun kurashmoqda, ammo har ikkalasini uncha tanilmagan boshqa bir xitoylik kompaniya dog‘da qoldirdi!

O‘QING: Samsung Galaxy X: koreyaliklar inqilobiy buklama smartfonning taqdimot kuni va hatto narxini ham aytishdi!

Xullasi kalom, displey ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Rouyu Technology kompaniyasi kecha – 31 oktyabrda dunyodagi birinchi buklama smartfonni rasman taqdim etdi. Shuningdek, FlexPai nomli bu telefon yana bir jihatdan birinchi bo‘ldi – u Qualcomm hatto rasman e’lon qilib ulgurmagan Snapdragon 8150 protsessori bazasida ishlaydi!

Rouyu Technology FlexPai diagonaliga 7,8 dyuymlik AMOLED-ekranga ega; yoyiq holatda uning tomonlari o‘zaro 4:3 nisbatda. Biroq displeyning tasvir aniqligi uncha yuqori emas – 1920x1440 pikselli. Ekran maxsus muhofaza plyonkasi bilan qoplagan, zero, uni shisha bilan himoyalab bo‘lmasligi aniq.

Umuman olganda, «ochilgan» holatida u 7,6 millimetr qalinlikdagi kichikroq planshetga o‘xshaydi. Buklangan holatida esa u qalinligi 15,2 millimetrlik smartfon ko‘rinishiga keladi. Bunda ekranining o‘lchami diagonaliga 4,3 dyuymlik ko‘rinishda bo‘ladi. FlexPai buklanuvchi sharniri 200 ming marta ochib-yopishga bardosh berishi aytilayotir.

Quyida ushbu smartfonni maxsus videolavhada tomosha qilamiz:

Smartfonning qo‘shaloq kamerasi 16 va 20 megapiksellik ikkita modulni o‘z ichiga oladi; bulardan ikkinchisi telefoto ob’yektivga ega.

O‘QING: EKSKLYuZIV: Ishlayotgan holdagi haqiqiy buklama smartfon ilk «jonli» videoda!

Qurilma Rouyu Technology kompaniyasining o‘z ishlanmasi bo‘lgan Ro-Charge tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega. Uning yordamida 3800 mA/soatlik akkumulyatorini bir soatda 80 foizga to‘ldirish mumkin.

Kompaniya ushbu smartfoni uchun Android 9 Pie operatsion tizim talqiniga asoslangan maxsus Water OS proshivkasini ishlab chiqqan. Bu dasturiy ta’minot FlexPai tuzilishiga, ekraniga moslangan.

Mana bu lavhada esa FlexPai «jonli» videoda ko‘rsatilgan:

Xitoyning o‘zida FlexPai modelining ilk partiyasi bugun – 1 noyabrdanoq sotuvga chiqarilgan, ammo to‘laqonli savdosi qachon boshlanishi hozircha noma’lum. Uning 6 gigabaytlik tezkor va 128 gigabaytlik doimiy xotiraga ega boshlang‘ich versiyasi 1290 dollar turadi. Smartfonning 8/256 gigabaytlik varianti 1434 dollar, 8/512 gigabaytligi esa 1864 dollarga narxlangan.

Shuningdek, Rouyu Technology kompaniyasi uning dasturchilarga mo‘ljallangan versiyasini xalqaro bozorga ham chiqarishga va’da bergan. Bunda qurilma faqat ikkitagina modifikatsiyada chiqariladi, narxlari esa u sotiladigan mamlakatga bog‘liq bo‘ladi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, global savdoda 6/128 gigabaytlik FlexPai smartfoni 1318 dollar yoki 1388 yevroga, 8/256 gigabaytligi esa 1469 dollar yoxud 1539 yevroga baholanishi aytilmoqda.

O‘QING: Lenovo’ning ishlayotgan holdagi buklama smartfonini «jonli» videoda ko‘ring!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!