Ilk iPhone'ni raqiblar qanday mayna qilgani va yo‘qlikka ravona bo‘lishgani haqida

Ilk iPhone'ni raqiblar qanday mayna qilgani va yo‘qlikka ravona bo‘lishgani haqida

Ilk iPhone smartfoni e’lon qilinganida mobil aloqa bozorini "egallab olgan" yirik telefon brendlari bu yangilikni kinoya va zaharxanda bilan qarshi olishgan.

Gap shundaki, ular Apple smartfoniga jiddiy baho berishmagan va uning ishlab chiqaruvchisi tez orada inqirozga yuz tutishiga shubha qilishmagan. Aslida esa ...  

2007 yildagi ilk iPhone bahsli edi …

Biror bir yirik mobil aloqa vositalari ishlab chiqaruvchilari 2007 yilda iPhone'ning taqdim etilganini favqulodda voqea deb hisoblamagan. Bu smartfon qimmat va ularning nazdida "bemaza" edi.  

Garchi, ilk iPhone smartfon olamiga ilk sensor ekran bilan kirib kelgan bo‘lsa ham, hali ko‘pchilik bu innovatsiyani hazm qila olmas edi. Qolaversa, kuchsiz kamera va arzimas funksiyalar uchun Apple gadjetiga katta narx qo‘ygan edi. Stiv Jobs esa innovatsion g‘oyalari o‘zini oqlashiga qattiq ishonar edi.

Microsoft: «Ishga yaroqsiz eng qimmat telefon».

2007 yilda Microsoft kompaniyasi bosh direktori bo‘lgan Stiv Balmer ilk iPhone devaysini ana shu so‘zlar bilan qarshi oldi. Uning eng katta xatosi ham bu smartfonni rad qilgani bilan bog‘liq edi. Ko‘p o‘tmasdan Microsoft ayfonni xushlamagan bu rahbardan voz kechadi. Microsoft bugun Office dasturini iPhone foydalanuvchilari orasida keng tarqatishdan manfaatdor.

BlackBerry: «Smartfon bozorida bitta shu yetmay turgan edi».

Jim Balsill, kompaniya bosh direktori ayfonni ana shu so‘zlar bilan qarshi olgan. Bugun BlackBerry deyarli yo‘qlikka ravona bo‘lganini barchamiz yaxshi bilamiz.

Nokia: «Bizdan voz kechish uchun arzirli sabab yo‘q».

Nokia kompaniyasi bosh direktorining bu so‘zlari, ehtimol, kompaniyani noto‘g‘ri rivojlanish yo‘liga va yo‘qlikka boshlagan bo‘lsa ajab emas.

…muammo har bir iPhone'da yetarli bo‘lgan…

Har bir iPhone kamchilikdan xoli bo‘lmagan: 4-ayfonda mobil aloqa operatori signalini tutishga qiynalgan, 5-ayfonda ming ehtiyot qilsangiz ham, korpus rangi o‘chib ketgan, 6-ayfon qayishqoq bo‘lgan.

Shunday bo‘lsa ham, bu ayfonlar tobora ommalashishdan to‘xtamagan. Natijada, Apple raqobatda g‘olib kela boshlaydi.

Samsung: «Daho bo‘lish shart emas».

Telefon bozorining egalaridan bo‘lgan koreyalik ana shu so‘zlar bilan bo‘lajak "g‘animi"ni qarshi oldi. Apple Pencil qalamchasini taqdim qilganida Samsung Note turkumi uchun taqdim qilingan stilusini pesh qilgan. Stiv Jobs o‘z vaqtida bu stilusni "foydasiz matoh" deb atagan edi.    

Samsung salga buklanadigan iPhone 6'ning ustidan ochiqchasiga kulgan. Hatto raqibiga qarshi reklamalarda Apple'ni ko‘chirmakashlikda ayblab, «Daho bo‘lish shart emas» degan shiordan foydalangan. Biroq, 2016 yilda koreyalikning Galaxy Note7 fableti ommaviy yonib keta boshlagach, Samsung hamma ham, jumladan o‘zi ham xato qilishi mumkinligini anglab yetdi.  

Sony: «Uyg‘on, Apple».

Telefon bozorining chinakam "egalari"dan bo‘lgan Sony qanchalar hazilkash ekanini ko‘rsatish uchun bir nima o‘ylab topdi.

Apple 2015 yilda Sony'ga taklifnoma yuborib, matubot anjumaniga rasman taklif qiladi. Sony esa bu taklifga hisoblash kodida javob yo‘llaydi: «01000111 01100001 01101101 01100101 00100000 01101111 01101110 00101110».

Mashina tilidan o‘girganda bu «Game on» («o‘yin boshlandi» va [uyg‘on, Apple!]) ma’nolarini beradi.

Yaponlar mana shu hazilidan so‘ng mobil aloqa olamida esda qolarli biror taassurotli yoki dong‘i ketgan ishni uddalay olishgani yo‘q. Hatto, ularning televizorlari ham endi poygadan ancha uzoqlashib ketgan.

…biroq 10 yilda iPhone namunaga aylandi

Yaponlar bilan birga, LG, Moto va boshqa kompaniyalar Apple haqida jiddiy o‘ylashmagan va uni masxaralab kelishgan. Bu -- fakt.

Biroq, 2016 yilda bu kinoya va zaharxanda fikrlarga nuqta qo‘yildi. Aniqrog‘i, Apple taqdim qilgan 7-avlod ayfonlari nihoyat har jihatdan pishiq-puxta chiqdi. Bu -- kompaniyaning xatolaridan chiqargan xulosalarining mevasi bo‘ldi.  

Bugun yuqorida nomi sanalgan kompaniyalarning birortasi smartfon ishlab chiqarishda Apple bilan bellasha olishmaydi. Ularning aksariyati smartfonsoz sifatida "o‘lib bo‘lgan". Faqatgina Samsung kuchli raqobatga dosh berib kelmoqda.

Stiv Jobsning fikricha, lider va ergashuvchi o‘rtasidagi yagona farq -- innovatsiya. iPhone esa yangilik olib kirishdan hali ham cho‘chimayapti. Jumladan, 2016 yilda bu smartfon an’anaviy 3,5 millimetrli audio-tuynukdan voz kechdi. Bu esa uning nufuziga ta’sir qilgani yo‘q.

10 yillik iPhone tarixida Apple o‘zining smartfon tamoyili to‘g‘ri ekanini isbotlay oldi. Bugun esa jahon smartfon sanoatiga iPhone 8 degan nom dovruq solmoqda. Ko‘pchilik ekspertlarning fikricha, bu flagman ham boshqa ishlab chiqaruvchilar uchun ilhom manbai bo‘ladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!