Ilk lidarli planshet – iPad Pro 2020 taqdim etildi!

  •   DiMaX
  •  2513
  •  19.03.2020 14:36

Ilk lidarli planshet – iPad Pro 2020 taqdim etildi!

Apple korporatsiyasi MacBook Air 2020 noutbukini namoyish etgani xususida yozgandik. Kupertinolik texnogigant yana professionallar uchun yangilangan planshetini ham taqdim qildi.

O‘QING: Apple mart oyidayoq bitta emas, kamida ikkita mobil gadjet taqdim etadi!

iPad Pro 2020 planshetining ham formati o‘zgarmagan – ekrani diagonaliga 11 va 12,9 dyuymlik modellarda chiqqan. Displey atrofidagi romlari avvalgidek yupqaligicha qolgan, lekin uning o‘zi ancha yaxshilangan. Endi bu planshet ekrani 120 gerslik chastotada yangilana oladi, maksimal yorqinligi 600 kd/m² bo‘lib, ko‘z qamashtirishiga qarshi yanada sifatli qoplama qo‘llangan.

Planshetdagi asosiy o‘zgarish esa kameraga tegishli – endi u uchta moduldan iborat! Asosiy sensorning aniqligi 12 megapiksellik bo‘lsa, ultra keng burchakli ikkinchi kamera 10 MP aniqlikda. Uchinchisi esa katta yangilik – umuman planshetlar tarixida ilk bor lidar (LiDAR) qo‘llangan. Bu – yorug‘lik akslanish tezligini aniqlash evaziga ob’yektgacha bo‘lgan masofani o‘lchovchi maxsus kameradir.

Lidar 5 metrgacha masofada ishlay oladi. Ushbu modul evaziga iPad Pro 2020 suratga olinayotgan sahna chuqurligini hamda xona ichidagi istalgan ob’yektgacha bo‘lgan masofani yanada aniq o‘lchaydi. Bu esa birinchi navbatda to‘ldirilgan borliq texnologiyalari va uzunlikni, masofani o‘lchovchi «Ruletka» kabi ilovalar uchun kerak. Masalan, lidar qo‘lning ko‘tarilish burchagini yuksak aniqlikda o‘lchashga qodir.

Mish-mishlarga qaraganda, xuddi shunday lidar yoki 3D-kamera iPhone 12 turkumida ham bo‘ladi.

O‘QING: iPhone 12’ning lazerli 3D-kamerasi qanday bo‘ladi?

iPad Pro 2020 yana 7 megapiksellik selfi-kamera, Wi-Fi 6 hamda Bluetooth 5.0 interfeyslari, USB-C porti bilan ta’minlangan. Ishlab chiqaruvchi uning 10 soat avtonom ishlay olishini ta’kidlagan, yana uyali aloqa modemiga ega versiyasi ham bor. Yangi planshet minimal konfiguratsiyada avvalgidek 64 emas, balki endi 128 gigabaytlik ichki xotira bilan chiqarilgan.

iPad Pro 2020 plansheti yangi Apple A12Z protsessorida ishlaydi; ammo uning oddiy Apple A12 chipsetidan farqi hozircha noma’lum. Aftidan, samaradorlik bo‘yicha u avvalgi darajada qoladi, faqat lidar va boshqa yangi funksiyalarni qo‘llab-quvvatlash qo‘shilgan.

Yana bir muhim yangilik – iPad Pro to‘laqonli kursorni qo‘llab-quvvatlaydi. U endi tachpad va sichqoncha bilan birgalikda ishlay oladi; kompaniya buning uchun maxsus Magic Keyboard g‘ilof-klaviaturasini ham taqdim etdi.

Yangi planshetning 11 dyuymligi modemsiz versiyada 800 – 1300 dollar, uyali aloqa modemiga ega talqinda esa 950 – 1450 dollar turadi. Ekrani 12,9 dyuymlik modeli esa modemsiz 1000 – 1500 dollar, modemli versiyada 1150 – 1650 dollarga baholangan.

Magic Keyboard alohida sotiladi – planshetning o‘lchamiga qarab 300 hamda 350 dollar turadi. Shu bilan birga, u avvalgi avlod iPad Pro bilan ham ishlay oladi. Yangilangan klaviatura – Smart Keyboard Folio esa o‘lchamiga qarab 180 va 200 dollarga narxlanmoqda.

O‘QING: "Apple, chetga o‘t!": Huawei yangi flagman taqdim etdi (+fotogalereya)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.