Ilk o‘yinbop smartfonning ikkinchi avlodi – Razer Phone 2 taqdim etildi

  •   DiMaX
  •  682
  •  12.10.2018 11:53

Ilk o‘yinbop smartfonning ikkinchi avlodi – Razer Phone 2 taqdim etildi

Razer kompaniyasi geymerlar uchun dunyodagi birinchi smartfonni taqdim etganidan xabaringiz bor. U endi uning ikkinchi avlodi – Razer Phone 2 geymerofonini ham tayyorlagan va bu qurilma benchmarklarda o‘zini ko‘rsatgan edi.

O‘QING: Razer Phone 2 o‘yinbop smartfoni taqdimotidan avval savdoga qo‘yildi

Razer Phone 2 tashqi qiyofasiga ko‘ra o‘z «ajdod»idan unchalik farq qilmaydigandek. Ammo korpusining orqa paneli shishadan ishlangan – simsiz quvvatlana olishi uchun. Shuningdek, Razer Chroma logotipi 16,8 millionta tusda tovlanuvchi chiroq tarzida ishlangan.

Lekin geymerofonning «ichki dunyosi» birinchi avlod Razer Phone modelidagidan anchagina takomillashtirilgan. U Qualcomm kompaniyasining ayni damgacha bozorga taqdim etilgan eng kuchli protsessori – Snapdragon 845 bazasiga qurilgan. Android 8.1 Oreo operatsion tizim talqini boshqaruvi ostida ishlaydigan Razer Phone 2 tezkor xotirasi 8, doimiy xotirasi esa 64 gigabayt hajmga ega. Shuningdek, microSD-karta yordamida uning xotirasini yana naq 1 terabaytgacha kengaytirish mumkin.

Razer kompaniyasining ushbu – ikkinchi avlod o‘yinbop smartfoni korpusi 158,5x78,99x8,5 millimetrlik o‘lchamga ega. Mazkur telefon IP67 standartiga ko‘ra chang va namdan himoyalangan bo‘lib, akkumulyatori 4000 mA/soatlik tok sig‘imiga ega. Qurilma LTE, Wi-Fi (802.11ac), Bluetooth 5 va NFC interfeyslariga. Korpusida zamonaviy USB Type-C porti mavjud, lekin quloqchinlar uchun 3,5 millimetrlik tirqish ko‘zda tutilmagan.

Smartfonning displeyi ham Razer’ning birinchi avlod geymerofonidagidan farq qilmaydi: diagonaliga 5,7 dyuymlik IGZO-ekran, tasvir aniqligi 2560x1440 pikselli, yangilanish chastotasi 120 Gs. Lekin, kompaniyaning da’vosiga ko‘ra, displey avvalgisiga nisbatan 50 foizga yorqinroq. Shuningdek, ilk geymerofon ekraniga Corning Gorilla Glass 3 himoya shishasi yotqizilgan bo‘lsa, Razer Phone 2 modelida displey Corning Gorilla Glass 5 bilan muhofaza etilgan. Smartfon stereodinamiklar bilan jihozlangan va Dolby Atmos tovush taratish texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Razer Phone 2 bosh kamerasi qo‘shaloq bo‘lib, uning 12 megapikselli asosiy datchigi f/1,75 diafragmali hamda tasvirni optik barqarorlashtirish xususiyatiga ega. Yordamchi moduli esa 12 megapikselli va f/2,6 diafragmali telefoto ob’yektivdir. Smartfonning old kamerasi esa 8 megapikselli sensordan iborat.

Darvoqe, barmoq izi datchigi bu modelda korpusning yon qirrasiga o‘rnatilgan. Ishlab chiqaruvchi bu o‘yinbop smartfonning bug‘lantiruvchi kamera yordamida sovitish tizimini alohida ta’kidlamoqda.

Razer Phone 2 uchun oldindan buyurtma berish allaqachon boshlangan, kompaniya unga 799 dollar narx belgilagan. U faqat qora rangli korpusda, ammo ikki xil – jilodor va jilosiz tuslarda ishlab chiqarilmoqda. Kompaniyaning bugun – 12 oktyabrda ma’lum qilishicha, ushbu geymerofon keyinroq orqa paneli shaffof korpusda ham taqdim etiladi.

O‘QING: Ilk o‘yinbop smartfon kutilmaganda naq 300 dollarga arzonlashdi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!