ILMIY YONDASHUV: Wi-Fi yaxshi ishlashi uchun routerni qayerga o‘rnatish kerak?

  •   DiMaX
  •  3733
  •  09.10.2019 12:17

ILMIY YONDASHUV: Wi-Fi yaxshi ishlashi uchun routerni qayerga o‘rnatish kerak?

Ko‘pchiligimiz uyda yoki ishxonamizda Wi-Fi-router orqali bir necha gadjetlardan internetga kiramiz. Lekin ayrim joylarda uning signali ayrim nuqtalarda yaxshi, ba’zi joylarda esa chala ekanini siz ham sezgandirsiz?

O‘QING: Erkaklar sog‘ligi uchun Wi-Fi xavfli!

Bunda routerning joylashuv o‘rni ham muhim ahamiyatga ega – hamma gap undan tarqalayotgan to‘lqinlarda, axir. Wi-Fi-routerdan tarqalayotgan to‘lqinning yaxshi yetib kelishiga birinchi o‘rinda xona devorlari, keyingi navbatda esa masofaning uzoqligi to‘sqinlik qiladi. Demak, mazkur gadjetni imkon qadar uyning (yoki ofisning) o‘rtarog‘iga, iloji bo‘lsa internetga kiradigan qurilmalaringiz yonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rinadigan joyga o‘rnatgan ma’qul.

Lekin shu o‘rinda ko‘pchiligimiz ahamiyat bermaydigan yana bir jihat ham mavjud. Fizikada «interferensiya» degan tushuncha mavjud, u turli to‘lqinlarning ayrim nuqtalarda o‘zaro kesishib, bir-birining ta’sirini pasaytirishi yoki kuchaytirishini anglatadi. Biz ko‘rayotgan misolda bu bevosita routerdan kelayotgan to‘lqin hamda devorga (yoki shkafga, shiftga, ko‘zguga...) urilib qaytayotgan to‘lqinning ustma-ust kelib qolishidir. Shunday joylarda Wi-Fi signali sezilarli darajada pasayib ketishi, hatto internet ishlamay qolishi ham mumkin. Bunaqa joylarni siz mustaqil tarzda aniqlay olmaysiz, ammo olimlar buni topib beruvchi algoritmni ishlab chiqishgan.

Maktabdagi fizika fanida o‘qitilgan, elektromagnit maydonini tavsiflovchi Maksvell tenglamalari hayotda hech qachon kerak bo‘lmaydi, deb o‘ylaydigan bo‘lsangiz – adashasiz. London Imperiya kollejida ishlovchi Jeyson Koul nafaqat elektromagnit nurlanishining xossalarini tadqiq etadi, balki shu bilimlarini maishiy hayotda qo‘llab ham, shuning ortidan pul ishlab ham kelayotir.

O‘QING: Erkaklarni smartfon va Wi-Fi zararidan himoyalovchi ichki kiyim yaratildi

Jeyson Koul ishlab chiqqan WiFi Solver FDTD ilovasi yuqorida ta’kidlangan va boshqa holatlarni hisobga olgan holda, uyingiz yoki ofisingizda routerni qayerga o‘rnatsa eng yaxshi natija berishini hisoblab chiqadi. Android-qurilmalar egalari mazkur pulli dasturni ushbu havola orqali Google Play katalogidan sotib olishlari mumkin. Keyin unga uyingiz rejasini kiritasiz, kerakli routerning parametrlarini belgilaysiz va joylashuv o‘rnini ko‘rsatasiz. So‘ngra bu simulyator uyingizdagi signal sifatining xaritasini yuqori aniqlikda yaratib beradi. Uning yordamida siz Wi-Fi-routerni hamda u orqali internetga ulanadigan devayslarni qayerga joylashtirish eng yaxshi samara berishini aniqlab olasiz.

Afsuski, yuqoridagi ilova pulli, lekin siz routeringizni imkon qadar ko‘rinarli joyga o‘rnatish orqali signal sifatini yaxshilash imkoniga egasiz. Shuningdek, Terashop.uz internet-do‘konimizdan har xil Wi-Fi-adapter va routerlarni 85 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlarda sotib olishingiz mumkin.

Darvoqe, Wi-Fi tarmog‘iga QR-kod orqali ulanish, Wi-Fi signalini yaxshilashning 5 ta ilmiy usuli, noutbuklarda Wi-Fi nuqta hosil qilgan holda o‘zaro ma’lumot almashish, turli brauzerlarda saqlangan parollarni ko‘rish yo‘llari , Wi-Fi parolini Android-smartfon orqali hamda Windows tizimli kompyuter yoki noutbuk yordamida aniqlash yo‘llari, hamda 2019 yilgi eng yomon parollar reytingi haqidagi maqolalarimiz ham sizga ma’qul kelsa kerak.

O‘QING: Bepul Wi-Fi nimasi bilan xavfli?