Ilon Mask Microsoft'ga sudga berish bilan tahdid qilmoqda

Ilon Mask Microsoft'ga sudga berish bilan tahdid qilmoqda

Ilon Mask o'zining ijtimoiy tarmog'idagi rasmiy sahifasida Microsoft'ga "qonuniy choralar ko'rish" bilan tahdid qildi. Milliarder bunga kompaniya Twitter ma'lumotlaridan noqonuniy foydalanganligini sabab qilib ko'rsatmoqda.

Ma'lum bo'lishicha, avvalroq Microsoft'ning reklama platformasi Twitter o'zining API xizmatlari uchun to'lov talab qilishni boshlagani ortidan uni qo'llab-quvvatlashni to'xtatishini e'lon qilgan. Ilon Mask tahdidi aynan shu haqdagi xabarga "javob" tarzida yozilgan.

"Ular Twitter ma'lumotlaridan foydalangan holda noqonuniy ravishda o'rgatishgan. Sud vaqti keldi", – deydi Ilon Mask.

Ta'kidlash joizki, Ilon Maskning Microsoft'ga tahdidi biroz mujmal va tushunarsiz, chunki u Microsoft aynan nimani o'rgatganligi haqida ochiqlamagan. Biroq, ehtimol, gap ChatGPT kabi katta til modelini o'rgatish uchun Twitter ma'lumotlaridan foydalangan OpenAI kompaniyasi haqida ketayotgan bo'lishi ham mumkin yoxud Microsoft yaqinda o'zining Bing qidiruv tizimi, Edge brazuri va Microsoft 365 xizmatlariga sun'iy intellekt vositalarini tayyorlash uchun OpenAI'ga juda katta miqdorda sarmoya kiritgan edi.

Microsoft reklama platformasining qo'llab-quvvatlash markazida qoldirilgan xabarda kompaniya 25-apreldan boshlab Twitter'ni qo'llab-quvvatlashni to'xtatishi ma'lum qilingan, ya'ni kompaniyalar endi o'zlarining tvitlari va boshqa reklama postlarini boshqarish uchun Microsoft'ning ijtimoiy tarmoqlar menejmenti vositasidan foydalana olishmaydi. Microsoft nima uchun Twitter'ni qo'llab-quvvatlashni to'xtatayotganligi ochiqlanmagan, ammo, shunisi ma'lumki, aynan shu sanadan boshlab Twitter'ning API xizmatlari pulli bo'ladi va bu, ehtimol, tasodif emas.

Twitter'ning yangi qoidalariga ko'ra, Microsoft kabi katta kompaniyalar ijtimoiy tarmoqning API xizmatlaridan foydalanish uchun oyiga 42 ming dollar to'lashlari kerak bo'ladi. Ushbu yangi narxlar tartibi allaqachon ko'plab kichik ishlab chiqaruvchilarni Twitter'dan voz kechishlariga sabab bo'lgan.

Twitter rahbari, Ilon Mask Microsoft'ni haqiqatda sudga beradimi yoki yo'q bunisi noma'lum yoxud odatda milliarderning har uchta tvitlaridan ikkitasi hazil yoki shunchaki ermak uchun yozilgan bo'ladi. Qolaversa, Ilon Mask avval ham uning samolyotlarini kuzatish imkonini beradigan @ElonJet Twitter boti egasi ustidan qonuniy choralar ko'rilishini aytgan, lekin axiyri bu sodir bo'lmagan.