Ilon Mask Twitter direktorlar kengashiga qo‘shilmaydi

Ilon Mask Twitter direktorlar kengashiga qo‘shilmaydi

Yaqinda Ilon Mask Twitter'ning 10% ulushini sotib olib, ijtimoiy tarmoqning eng katta aksiyadoriga aylangan edi va u kompaniya direktorlar kengashiga qo‘shilishi kutilayotgan edi. Endilikda, Twitter'ning bugungi kundagi bosh rahbari Parag Agravalning kompaniyaga yo‘llagan murojaatiga ko‘ra, Ilon Mask kompaniya boshqaruviga qo‘shilmaydi. Ma’lum bo‘lishicha, milliarderning o‘zi qo‘shilishni istamagan.

"Ilon Mask bizning kengashimizga qo‘shilmaslikka qaror qildi. Kengash va men Ilonning kengashga qo‘shilishini uning o‘zi bilan bevosita ko‘p muhokama qildik. Kengash unga joy taklif qildi. Seshanba kuni biz Ilonning kengashga tayinlanishini e’lon qildik. Ilonning kengashga tayinlanishi rasman 9-aprel kuni kuchga kirishi kerak edi, ammo, o‘sha kuni u endi kengashga qo‘shilmasligini aytdi. Men bu yaxshilikka ekanligiga ishonaman. Biz aksiyadorlarimiz boshqaruv kengashida bo‘ladimi yoki yo‘qmi, ularning fikriga egamiz va har doim qadrlaymiz. Ilon bizning eng yirik aksiyadorimiz va biz uning fikriga ochiq qolamiz." deyiladi Parag Agraval xabarida.

Twitter ulushini sotib olgani ommaga ma’lum bo‘lganidan keyin Tesla va SpaceX rahbari ijtimoiy tarmoqni o‘zgartirish haqidagi g‘oyalarini ochiqchasiga o‘zining sahifasida ulashib kelayotgan edi. Masalan, Mask ijtimoiy tarmoqning Blue obunasiga pul to‘laganlarning hammasiga verifikatsiya belgisini berishni, "Twitter" nomi "w" harfini tushirib qoldirishni, hech kim kelmaganligi bois, kompaniyaning San-Fransiskodagi bosh qarorgohini uysizlar uchun boshpanaga aylantirishni taklif qilayotgan edi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!