Ilovalaringizda josus servis bo‘lishi mumkin!

  •   DiMaX
  •  1319
  •  09.02.2017 15:40

Ilovalaringizda josus servis bo‘lishi mumkin!

Aftidan, App Store va Google Play do‘konlarida foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlarini «boshqa tomonga» jo‘natishi mumkin bo‘lgan legal ilovalar ham bor. Dasturiy ta’minot ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi Lodoss kompaniyasining hammuassisi Dmitriy Kovalyov bu haqda Facebook’da yozgan, deya xabar beradi 4pda.ru sayti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik dasturlar ichiga o‘rnatilgan, Appsee deb nomlangan ommabop tahlil servisini shunday sozlasa bo‘lar ekanki, u foydalanuvchining qurilmasi ekranidagi tasvir va harakatlarni video tarzida yozib olishi mumkin ekan. Natijada biror dasturni ishlab chiqaruvchilar shu dasturni o‘rnatgan qurilma egalarining ekranida kiritilgan har qanday ma’lumotni, jumladan, bank kartasi raqami va boshqa maxfiy shaxsiy ma’lumotlarni ham video ko‘rinishida ola bilar ekanlar.

Ma’lum bo‘lishicha, Appsee foydalanuvchining ekranga har bir teginishini, silashini va boshqa harakatlarini qayd etib boradi. Nazariy jihatdan olganda, bu funksiya o‘sha dasturdan foydalanuvchilar qay tarzda foydalanib, qanaqa muammolarga duch kelayotganliklarini dastur mualliflari aniqlashlari uchun joriy etilgan. Biroq jinoyatchilar servisning shu funksiyasidan g‘araz maqsadlarda foydalanishlari ham mumkin.

4pda.ru sayti bunga aniqlik kiritish maqsadida Dmitriy Kovalyov bilan bog‘lanib, shu masalaga oydinlik kiritishgan. Shuningdek, mazkur modulga ega ilova App Store’da moderatsiyadan o‘tishi va foydalanuvchilarning ma’lumotlarini o‘g‘irlashi ehtimoli haqida ham so‘rashgan. Mutaxassisning javobi kutilmagan javob bo‘lgan:

Ha, men o‘zim ham hayron qoldim bundan. Biz ichida mana shu Appsee yoqiq holda joylangan to‘rtta ilova tayyorladik va App Store’ga joyladik. Buni qarangki, Apple bu ilovalarimizni hech bir muammosiz moderatsiyadan o‘tkazib yubordi, biror marta ham rad etmadi. Bilamizki, ba’zida dasturlar ayrim harakatlar uchun foydalanuvchining roziligini so‘rashadi: «ilova sizning kontaktlaringizni ko‘rishga ruxsat so‘rayapti», «ilova sizning kamerangizdan foydalanishga rozilik so‘rayapti» qabilida. Lekin agar ilovada Appsee yoqilgan bo‘lsa, u foydalanuvchidan hech qanaqa ruxsat so‘rab o‘tirmaydi.

Savolingizga qisqacha javob beradigan bo‘lsam, bunaqa ilovalar ham moderatsiyadan hech bir to‘siqsiz o‘tadi, ular yordamida ma’lumotlarni o‘g‘irlash ham anchagina oson.

Ta’kidlash kerakki, Appsee mazkur sohada juda ommabop va o‘ziga yarasha nufuzga ham ega.  Rasmiy sayti ma’lumotlariga ko‘ra, iOS va Android uchun ilovalar ishlab chiquvchi bir necha o‘nlab dasturiy ta’minotchilar ushbu tahlil servisidan foydalanib kelishadi. Ular orasida dunyodagi millionlab qurilmalarga o‘rnatilgan dasturlar ham mavjud.

Demak, smartfoningizdagi biror ilova ichida Appsee yoqiq bo‘lsa, u sizning ekrandagi harakatlaringizni «boshqa joyga» yuborib kelayotgan bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!