IMEI-kodlar bilan bog‘liq jinoyatlarga farroshdan tortib mansabdorgacha aralashgan!

  •   DiMaX
  •  1077
  •  05.01.2021 14:22

IMEI-kodlar bilan bog‘liq jinoyatlarga farroshdan tortib mansabdorgacha aralashgan!

Respublika bo‘yicha barcha karantin zonalari va chegara postlarida fuqarolarning pasportlariga noqonuniy ravishda IMEI-kodlari ro‘yxatdan o‘tkazilgan. IIV Kiberxavfsizlik markazi ma’lum qilishicha, jinoiy guruh tarkibida farroshdan tortib mansabdorlargacha bor, deb yozadi «Gazeta.uz».

O‘QING: UZIMEI binosidagi «bardak» haqida bloger: «Buni o‘ylab topganlar – islohotlarning dushmani!»

O‘zbekistonda IMEI sohasida amalga oshirilgan ishlar va 2020 yil sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida IIV mas’ul xodimi Baxtiyor Sulaymonov fuqarolarning pasport ma’lumotlaridan noqonuniy ravishda foydalanib, ulardan mobil qurilmalarda IMEI-kodlarini kiritishda foydalanganlik holati aniqlanganini ma’lum qildi. U shuningdek, bu kabi jinoyat so‘nggi bor 2020 yil oktyabrida aniqlanganini ham qo‘shimcha qildi.

«Bu bo‘yicha rasman 7 mingga yaqin holatlar aniqlangan. Balki, bundan ham oshar, chunki tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Fuqarolar murojaat etgani va etmagani bor. Murojaat etganlarni biz ro‘yxatga olib, tergovga yo‘naltirganmiz», – dedi Sulaymonov.

«Uyushgan jinoiy guruh tarkibida karantin zonada ishlagan oddiy farroshdan tortib, mansabdor shaxsgacha bor. Kim qaysi darajada jinoyat sodir qilgani hali ma’lum emas. Tergov davom etmoqda. Yangi holatlar aniqlanib, tergovga qo‘shib borilmoqda. 7 ming nafarning ichida fuqarolar o‘zi murojaat qilgani bor. Uyushgan jinoiy guruh tomonidan sodir etilgani, aniq raqamini bilmayman, lekin 5 ming nafardan o‘tgan. Respublika bo‘yicha karantin zonalarini hammasida kuzatilgan bu holat. Bitta Andijondamas, Toshkent viloyatida va boshqa joyda ham kuzatilgan», – dedi IIV mas’ul xodimi.

O‘QING: 64 mln dollarlik telefonlarni O‘zbekiston qayerlardan import qildi?

Ta’kidlanishicha, bu kabi jinoyatlar faqatgina karantin zonalarda aniqlanmagan, balki bojxona chegara punktlarida ham uyushgan guruhlar shu kabi harakatlarni amalga oshirgan. Davlat bojxona qo‘mitasi bosh inspektori Baxtiyor Kabirov esa Andijondagi shu kabi holat tafsilotlarini so‘zlab berdi.

«Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan mazkur masala boshlanganidan call center tashkil qilindi. Jabr ko‘rganlar murojaat qilinglar deb e’lon berdik ijtimoiy tarmoqlarda. Bu biror shaxsni qo‘lidan kelmaydi, Andijon viloyatida «Do‘stlik» chegara postida haqiqatdan uyushgan guruh tomonidan amalga oshirilgan. Qo‘mita vakillari tomonidan Qirg‘iziston tomonga o‘tib, uyoqdan pasportlarni olib, 5 dollardan 20 dollargacha bo‘lgan qiymatda sotib olib, har bitta chegaradan o‘tgan fuqaro nomiga mobil qurilmalarning IMEI kodlarini ro‘yxatga olib, o‘tkazayotgani aniqlangan. Tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirilgan. Bugungi kunda bu bo‘yicha tergov olib borilayapti», – dedi Baxtiyor Kabirov.

O‘QING: IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha aniq va lo‘nda qo‘llanma

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!