IMEI-kodlar yuzasidan AKT vazirligi, IIV va Bojxona qo‘mitasi brifingi: jinoyatlar fosh bo‘ldi!

  •   DiMaX
  •  1271
  •  25.09.2020 09:10

IMEI-kodlar yuzasidan AKT vazirligi, IIV va Bojxona qo‘mitasi brifingi: jinoyatlar fosh bo‘ldi!

Kecha, 24 sentyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat Bojxona qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan brifing tashkil etildi. Unda mobil qurilmalarni IMEI-kodlari orqali ro‘yxatdan o‘tkazish masalasi yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

O‘QING: Nihoyat, IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha AKT vazirligi Bayonot berdi

Xususan, brifingda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi direktori Bobur Tillabayev, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining boshqarma boshlig‘i Rustam Qobilov va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tergov dapartamenti katta tergovchisi Javohir Qodirov mavzu yuzasidan to‘liq ma’lumot berdi.

Ichki ishlar vazirligi Tergov dapartamenti katta tergovchisi Javohir Qodirov bergan ma’lumotga ko‘ra, bu borada bir qator jinoyatlar aniqlanmoqda.

Jumladan, joriy yilning 18 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV Tezkor-qidiruv hamkorligi boshqarmasi, Andijon viloyati IIB xodimlari bilan hamkorlikda Andijon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida, yuqorida qayd etilgan noqonuniy harakatlarni sodir qilgan uch nafar shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 1412-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari va 182-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan 030011/2020-38-sonli jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergovning yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinib, ushbu fuqarolarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligi ta’minlanadi. Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov jarayonida, fuqaro bank filialidan o‘zining nomiga berilgan 5 ta plastik kartadagi pul mablag‘laridan «UZPAYNET» MChJ orqali jami 2158 ta uyali aloqa vositalarini qonunga xilof ravishda «Mobil qurilmalarini ro‘yxatga olish tizimi»ga qayd etishganligi aniqlangan. Ushbu xolatda gumon qilinuvchilar juda ko‘p miqdorni tashkil etgan 3115 ta mobil aloqa vositalarini Qirg‘iziston Respublikasidan O‘zbekiston Respublikasiga bojxona nazoratini chetlab aylanma yo‘llar bilan olib kirganligi aniqlangan.

Ayni vaqtda mazkur noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan shaxslarni aniqlash va ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rish yuzasidan Ichki ishlar organlari tomonidan tegishli tadbirlar davom ettirilmoqda, deydi IIV mas’ul xodimi.

Mobil qurilmalarni IMEI-kodlari orqali ro‘yxatdan o‘tkazish masalasi yuzasidan tashkil etilgan brifingda Ichki ishlar vazirligi Tergov dapartamenti katta tergovchisi Javohir Qodirov bergan ma’lumot bilan ushbu havola orqali to‘liq tanishib chiqishingiz mumkin.

Shuningdek, tadbirda Davlat bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Rustam Qobulov bergan ma’lumot bilan mazkur havola, O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi direktori Bobur Tillabayev bergan ma’lumot bilan esa mana bu havola orqali tanishish imkoni mavjud.

O‘QING: Nihoyat, smartfonlar IMEI-kodini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibida o‘zgarish bo‘ldi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!