IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishdagi noroziliklarga rasmiy munosabat bildirildi

  •   DiMaX
  •  1701
  •  10.07.2021 09:02

IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishdagi noroziliklarga rasmiy munosabat bildirildi

Ma’lumki, mamlakatimizda mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatga olish tizimi joriy etilgan. Mazkur tizimni joriy etishdan maqsad – iste’molchilar huquqini himoya qilish, respublikamizga sifatsiz mobil qurilmalar kirib kelishi va uning noqonuniy savdosi oldini olishdir, deb yozadi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi..

O‘QING: UzIMEI: «Jallod choychaqasi» va «tishsiz» Parlament haqida

«O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» davlat unitar korxonasi – tizim operatori tomonidan mobil qurilmalarning IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun shaxsning pasport ma’lumotlari, uchinchi shaxslar tomonidan noqonuniy foydalanishning oldini olish maqsadida mobil qurilmalarni ro‘yxatdan ŭtkazish jarayëniga qo‘shimcha tekshiruv algoritmi kiritilgan. Ya’ni, qurilmaning IMEI-kodini ro‘yxatdan o‘tkazishda jismoniy shaxslarning abonent raqami mahalliy mobil operatorlaridan ariza beruvchi nomiga rasmiylashtirilganligi talab etiladi.

Umuman olganga, mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatga olish tizimining joriy etilishi adolatli raqobat muhitini yuzaga keltirdi. Bu tizim sabab noqonuniy ishlayotgan tadbirkorlar faoliyati qonuniylashtirilib, bugungi kunda 70 ga yaqin importyorlar faoliyat yuritmoqda. Vaholanki, bir yil avval importyorlar barmoq bilan sanarlik darajada kam edi. Bugungi kunga kelib respublikamizda ro‘yxatdan o‘tkazilayotgan 77 foizdan oshiq mobil qurilmalar rasmiy ravishda importyorlar tomonidan taqdim etilayotgan buyurtmalarga asosan ro‘yxatga olinmoqda. Qolgan qismi fuqarolarimiz tomonidan chetdan olib kelinayotgan yoki pochta orqali yetkazilayotgan qurilmalarni tashkil etmoqda.

O‘QING: UZIMEI tizimi haqida huquqshunos: «Shu pullarni xalqni qiynamasdan olsalaringiz bo‘lmaydimi?»

Ayni kunlarda IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq ijtimoiy tarmoqlarda ayrim tanqidiy fikrlar, jumladan, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari o‘g‘irlanishi, ro‘yxatdan o‘tishda byurokratik va mantiqsiz to‘siqlar qo‘yilishi kabi tizimga ayb qo‘yilmoqda.

Xo‘sh, ushbu fikrlar qanchalik asosli?

Avvalo, yuqorida qayd etib o‘tilganidek, mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatga olish tizimi iste’molchilar huquqini himoya qilish, respublikamizga sifatsiz mobil qurilmalar kirib kelishi va uning noqonuniy savdosi oldini olish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.

«O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» davlat unitar korxonasi tomonidan ayni shu maqsadda tizimli ishlar olib borilmoqda.

Tizim bilan bog‘liq tanqidiy fikrlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, ya’ni fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari o‘g‘irlanishi korxona faoliyatiga bog‘liq emas. Ya’ni, buni soddaroq, amaliy jarayon bilan bog‘lab tushuntiradigan bo‘lsak, joriy yil boshidan «O‘zTTBRM» DUK (mobil qurilmalarning IMEI kodlarini ro‘yxatga olish Tizimi operatori)ga pasport ma’lumotlari begona shaxslar tomonidan noqonuniy foydalanilib kelinayotganligi bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Tizim operatori tomonidan Internet tarmog‘i orqali ogohlantiruvchi choralar berilayotganligiga qaramasdan, ko‘plab iste’molchilar mobil qurilmalarni xarid qilishda shu jihatlarga e’tibor qaratmayapti.

Jumladan, bugungi kunda begona pasport ma’lumotlariga 200 mingdan ko‘p mobil qurilmalarning ro‘yxatga olinish holatlari aniqlangan (Bunday qurilmalar belgilangan tartibda tizimdan o‘chirilgan hamda haqiqiy pasport egalariga ularga tegishli bo‘lgan mobil qurilmalar rasmiylashtirilgan).

Tabiiyki, shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: nima uchun shunday? Chunki ro‘yxatga olish jarayoni onlayn rejimida amalga oshiriladi va tizim operatori jarayonning ikkinchi tomonida ro‘yxatdan o‘tkazuvchining kimligi, pasport egasi yoki qoidabuzar bo‘yicha ma’lumotga ega emas. Bu o‘rinda UZIMEI tizim operatori fuqarolarning pasport ma’lumotlarini begona shaxslar tomonidan foydalanilishi bo‘yicha javobgar hisoblanmaydi.

O‘QING: IMEI-kodlar bilan bog‘liq jinoyatlarga farroshdan tortib mansabdorgacha aralashgan!

Onlayn rejimida ro‘yxatga olishni bekor qilish, boshqacha aytganda, ijtimoiy tarmoqlar orqali «ro‘yxatdan o‘tishda byurokratik va mantiqsiz to‘siqlar»ni bekor qilish iste’molchilarning yanada ko‘proq noroziliklariga olib keladi. Chunki, bunday vaziyatda har bir fuqaro ro‘yxatdan o‘tish uchun Tizim operatori ofislariga kelishi talab etiladi. Bu fuqarolarning ortiqcha vaqt yo‘qotishiga olib keladi.

Bu borada aholiga qulaylik yaratish maqsadida hozirgi kunga qadar Qoraqolpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatga olish punktlari faoliyat yuritmoqda. Tizim operatori tomonidan respublikamizning barcha hududlarida xizmat ko‘rsatish punktlarini ochish ishlari davom ettirilmoqda.

Eng asosiysi, mana bir oy vaqt o‘tdi, poytaxtimizning eng mashhur savdo majmualaridan biri bo‘lgan «Malika» bozorida ham Tizim operatorining shaxobchasi ishlab kelmoqda. Savdo majmuasiga kelgan har qanday xaridor mobil qurilmani sotib olishdan oldin uning IMEI-kodlari ro‘yxatdan o‘tganligi (o‘tmaganligi) yoki kimning nomidan o‘tganligini (birovning pasport ma’lumotlariga), rasmiy ravishda import qilinganligi to‘g‘risida bepul ma’lumot olishi mumkin. Bu xizmatdan «Malika» savdo majmuasidan chiqmagan holda foydalanishi iste’molchilarga ancha qulaylik yaratadi.

Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, fuqarolarga ularning shaxsiy ma’lumotlari (pasport) begona shaxslar tomonidan foydalanilishining oldini olishda yanada e’tiborli bo‘lishlari maqsadga muvofiq. Chunki fuqaro pasport ma’lumotlarini begonalarga bermasa, ro‘yxatdan o‘tishda (shaxsiy ma’lumotlar o‘g‘irlanishi) hech qanday muammo bo‘lmaydi.

Muxtasar aytganda, mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatga olish tizimi yanada takomillashtirilib, tom ma’noda iste’molchilar huquqini himoya qilishga xizmat qiladi.

O‘QING: UZIMEI binosidagi «bardak» haqida bloger: «Buni o‘ylab topganlar – islohotlarning dushmani!»

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!