IMEI nima va uning ahamiyati nimada?

IMEI nima va uning ahamiyati nimada?

Agar sizda IMEI nima ekanligi haqida savol paydo bo‘lgan bo‘lsa, to‘g‘ri manzilga murojaat qildingiz. IMEI (ing. International Mobile Equipment Identity — Xalqaro mobil qurilma identifikatsiyasi) mobil tarmoqdagi qurilmani identifikatsiyalash uchun unikal raqam hisoblanadi.

Buni oddiy qilib telefoningizning tarmoq xavfsizligi raqami sifatida tushunishingiz ham mumkin. Har bir GSM telefonda 15 ta raqamdan iborat IMEI bo‘ladi; CDMA mobil qurilmalar esa MEID raqamga ega bo‘ladi.

Telefoningizni o‘g‘irlatib qo‘ysangiz yoki yo‘qolib qolsa IMEI raqamdan foydalansangiz bo‘ladi. Yo‘q, u telefoningizni sehrli ravishda sizga qaytarib olib kelmaydi, balki IMEI vositasida, qurilmangizni topib/o‘g‘irlab olgan, undan foydalanmayotganiga ishonch hosil qilishingiz mumkin. Operatorga bog‘lanib, IMEI kodni aytsangiz, telefoningizni qora ro‘yxatga qo‘shib qo‘yishi mumkin. Bu degani devays bilan kiruvchi/chiquvchi qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish hamda mobil internet orqali global tarmoqqa ulanish imkoni bo‘lmaydi, deganidir — hatto yangi SIM karta bilan ham.

IMEI raqam ishlatilgan telefon sotib olayotganda ham qo‘l keladi. CheckMend xizmati orqali xarid qilayotgan qurilmangiz yo‘qolgan deb e’lon qilinmagani, qora ro‘yxatda emasligiga ishonch hosil qilishingiz mumkin. Ushbu xizmat bepul emas, lekin qimmat ham emas: bir dollar atrofida turadi.

IMEI raqam, shuningdek, telefon haqida ko‘plab boshqa ma’lumotlar ham bera oladi (masalan, brend va modeli, ishlab chiqarilgan yili va texnik jihatlari). Buni sinab ko‘rish uchun imei.info saytiga kirib, IMEI raqamni kiritib ko‘rishingiz mumkin. Xizmat bepul.

Android qurilmadan IMEI qanday tekshiriladi?IMEI nima ekanligini bilib oldik, endi esa qurilmaning IMEI raqamini aniqlashni o‘rgansak. Buning eng oson yo‘li Android smartfondagi Telefon ilovasida *#06# ni terishdir. Shunda ekranda gadjetingizning IMEI raqami paydo bo‘ladi. Agar ikkita SIM kartali telefon ishlatsangiz, ikkita IMEI raqam ko‘rinadi: har bir SIM karta uyasi uchun alohida raqam. Yoki Sozlamalar ilovasining Qurilma haqida > Holat > IMEI ma’lumoti bo‘limdan ham IMEI raqamni ko‘rib olsangiz bo‘ladi. Smartfoningiz modeliga qarab yuqoridagi bo‘limlar nomi va tartibi farqli bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, ba’zi telefonlarda IMEI raqam qurilmaning orqa tomoniga yozib qo‘yilgan bo‘lsa, yana ba’zilarida SIM karta uyasida keltirib o‘tilgan bo‘ladi. Agar smartfoningiz qadog‘i va hujjatlarini tashlab yubormagan bo‘lsangiz, ana o‘shayerdan ham ko‘rsangiz bo‘ladi.

IMEI raqamni hech kimga bermang. Ba’zi "tadbirkor"lar qora ro‘yxatga kirmagan IMEI raqamni o‘g‘irlangan telefonga sozlab qo‘yadi (telefon qora ro‘yxatga tushib qolmasligi uchun), bu esa noqonuniy hisoblanadi.

Mana endi, IMEI raqami nima ekanligi, uni aniqlash yo‘llari va undan nima maqsadlarda foydalanish mumkinligini bilib oldingiz. Sizning telefongizning IMEI raqami nima ekan? Biz bilan ulashing. Bu, albatta, hazil. IMEI raqmingizni hech kimga bermang!

O‘QING: O‘zbekistonda 1 apreldan barcha smartfon va planshetlar IMEI-kodi bo‘yicha BEPUL ro‘yxatga olinmoqda!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!