Instagram 7 xil yangi xabar alishish funksiyalarini qo‘shdi

Instagram 7 xil yangi xabar alishish funksiyalarini qo‘shdi

Instagram so‘nggi yangilanishda o‘zining xabarlar alishish xususiyati imkoniyatlarini yanada kegaytirdi. Endilikda foydalanuvchilar lentada bo‘lgan vaqtlarida kelgan DM (direct message) xabarlariga chatga o‘tmasdan turib, lentaning o‘zida javob qaytara oladilar.

Shuningdek, "do‘stlarga tezkor ulashish" funksiyasi ham qo‘shilgan bo‘lib, bunda siz postlar ostidagi ulashish tugmasini bosib, bir necha soniya ushlab tursangiz do‘stlaringiz profillarini ko‘rasiz va ulardan birini tanlab, postni ularga tezroq jo‘nata olasiz. Shu bilan birga endilikda xabarlar bo‘limiga o‘tganingizda real vaqtda kimlar onlayn ekanligini eng yuqorida ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi.

Apple Music, Amazon Music va Spotify bilan integratsiyalashgan holda, endi foydalanuvchilar chatlarda qo‘shiqlarning 30 soniyalik prevyusini ulashishlari va eshitishlari mumkin bo‘ladi.

Do‘stlaringizni tunda yoki band bo‘lganlarida bezovta qilmasdan xabarlarni jimgina yuborish imkoniyati ham yaratilgan. Buning uchun xabarlaringizni yuborishdan oldin ularga @silent buyrug‘ini kiritish kifoya. Lo-fi chat mavzusi va so‘rovnoma yaratish funksiyalari ham ijtimoiy tarmoq uchun yangilanishda birga keladi.

Ushbu o‘zgarishlar hozircha ma’lum bir mamlakatlarda chiqarilgan va ular tez orada global tarqatiladi.

O‘QING: Apple iOS 15.4.1 yangilanishini chiqardi