Instagram endi uch xil lentaga ega!

Instagram endi uch xil lentaga ega!

Instagram 2016-yilda xronologik lentadan voz kechib algoritmik lentani joriy qilganidan so‘ng foydalanuvchilar tomonidan tanqidlar to‘lqiniga duch keldi. 2021-yilning kuzida ijtimoiy tarmoqning o‘smirlarga zararli ta’siri haqidagi sud jarayonida Instagram avvalgi xronologik lenta rejimini qaytarishga va’da bergan edi. O‘tgan yilning dekabrida esa Instagram rahbari Adam Mosseri ijtimoiy tarmoqqa xronologik lenta qaytayotganligini, jamoa uning ustida ishlayotgani va 2022-yil birinchi choragida ushbu yangilanish chiqarilishi haqida xabar bergan edi. Ular o‘z va’dalarini bajarishdi va bugun Instagram iOS foydalanuvchilari uchun ikki xil qo‘shimcha lenta yangilanishini chiqardi.

Yangilikni qabul qilganlar ilovani ochishlari bilan chap tomon yuqorisidagi Instagram logotipi yonida kichik pastki strelka belgisini ko‘rishlari mumkin bo‘ladi va unga bosib, foydalanuvchilar o‘zlari uchun lentaning ikki xil rejimidan birini: Favorites yoki Following rejimini tanlashlari mumkin bo‘ladi.

Following rejimidan boshlaydigan bo‘lsak, o‘z nomi bilan ushbu rejimni tanlanganingizda siz faqatgina o‘zingiz Follow qilgan odamlar postlarini xronologik tarzda ko‘rasiz.

Favorites rejimida esa foydalanuvchilar o‘zlarining sevimlilar ro‘yxatlariga qo‘shgan akkauntlar tomonidan joylangan postlarni ko‘rishlari mumkin bo‘ladi. Bunda sevimlilar ro‘yxatiga 50 tagacha akkaunt qo‘shsa bo‘ladi va ular faqat foydalanuvchining o‘zigagina ko‘rinadi. Shuningdek, Favorites'ga qo‘shilgan akkauntlar postlari bosh sahifada ham yulduzcha belgisi bilan yuqorida chiqishi mumkin.

Shuni ham aytish kerakki, har safar ilovaga kirganingizda siz standart o‘rnatilgan bosh sahifani ko‘rasiz, ya’ni lentada siz obuna bo‘lgan foydalanuvchilar, ulardan keyin algoritmik tarzda sizga taklif qilingan postlar bo‘ladi. Bu shuni anglatadiki, har doim ilovaga kirganingizda yuqorida aytilgan ikki xil rejimga siz o‘zingiz qo‘lda o‘tishingiz kerak.

Ta’kidlashicha, Instagram tadqiqotlari odamlar algoritmik tasmada ko‘proq qoniqish hosil qilishini ko‘rsatadi va shuning uchun ilova ochilishiga foydalanuvchilar xronologik lentani standart shaklda o‘rnata olmaydilar.

Yangilanish tez orada Android foydalanuvchilari uchun ham chiqariladi.

O‘QING: Instagram'da 3D avatar yaratish va undan foydalanish

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!