Instagram tizimda turib boshqa akkauntga o‘tish funksiyasini sinab ko‘rmoqda

Instagram tizimda turib boshqa akkauntga o‘tish funksiyasini sinab ko‘rmoqda

Ayni kunlarda shunday funksiyaga ega Android ilova foydalanuvchilar firk-mulohazasini o‘rganish maqsadida, sinov tariqasida ishga tushirilgan.

Ommabop tarmoqning ushbu innovatsion talqinida foydalanuvchi o‘zining ikkinchi profiliga o‘tishda login va kalit so‘zni qayta kiritmaydi. Ya’ni kerakli akkauntga tizimdan chiqmagan holda, ayni vaqtda foydalanilayotgan profilda ko‘rinib turgan boshqa bir shaxsiy sahifaning belgisi orqali o‘tish mumkin.

Oddiy foydalanuvchilar tomonidan anchadan buyon talab qilib kelinayotgan bu yangilik o‘z o‘rnida biznes vakillari, taniqli brendlarning jamoatchilik bilan ishlash bo‘linmalari mutaxassislari kabi bir vaqtning o‘zida ham kasbiy, ham shaxsiy sahifani yurituvchilar uchun bu ayni muddao.

Xohlovchilar Android qurilmalariga mo‘ljallangan ushbu dasturning sinovchilaridan biriga aylanishlari ham mumkin.

Bu qulaylikdan foydalanishni istagan foydalanuvchilar Instagram sahifalaridagi “Sozlamalar” bo‘limiga kirib, “Akkaunt qo‘shish” buyrug‘i yordamida mavjud yoki shu jarayonning o‘zida yaratilgan yangi sahifalarini o‘zaro bog‘lab qo‘yishlari mumkin. Shundan keyin ekranda, sahifaning yuqori chap tomon qismida tanlash funksiyasi ishga tushadi.

Fotosurat va videoyozuvlarni bepul almashishga xizmat qiluvchi Instagram ijtimoiy tarmog‘iga 2010 yilning oktyabr oyida asos solingan. Bugungi kunda tarmoqdagi media yozuvlar miqdori 20 milliardga yaqin. 2015 yil sentyabr oyi ma’lumotlariga ko‘ra, uning 400 million nafar oylik faol foydalanuvchi instagrammerlari mavjud.