Instagram yana ikki ilovasini App Store va Play Store'dan olib tashladi

Instagram yana ikki ilovasini App Store va Play Store'dan olib tashladi

O‘tgan oy oxirida Instagram o‘zining 2018 yilda taqdim qilgan YouTube raqobatchisi, IGTV ilovasini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatayotganligini e’lon qilgan edi. Uning o‘rniga Instagram endi videolarni asosiy ilovada saqlashini va TikTok raqobatchisi bo‘lgan Reels'ga e’tibor qaratishini aytgan. 

Ma’lum bo‘lishicha, IGTV bilan birga 2014 yilda birinchi marta ishga tushirilgan Hyperlapse va 2015 yilda ishga tushirilgan Boomerang video ilovalari ham Google Play Store va App Store ilovalar do‘konlaridan olib tashlangan. 1 mart kuni ikkala ilovaning so‘nggi kuni bo‘lgan. 

"Say-harakatlarimizni asosiy ilovaga yo‘naltirish uchun mustaqil Boomerang va Hyperlapse ilovalarini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatdik. Boomerang hali ham ilova ichida Stories'da qo‘llab-quvvatlanadi. Layout esa ilovalar do‘konida mustaqil ilova bo‘lib qoladi. Biz odamlarning Instagram'da ijodkor bo‘lishlari va dam olishlari uchun yangi usullar ustida ishlashda davom etamiz.", degan Instagram matbuot kotibi Kristin Pay The Verge nashriga bergan bayonotida. 

Ikkala ilovadan Boomerang ilovasini yuklab olganlar soni ko‘proq edi. TechCrunch'ning Apptopia ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, Boomerang o‘z davri mobaynida 301 million marta global yuklab olingan. Hyperlapse esa atigi 23 million marta yuklab olingan, chunki Hyperlapse faqat iOS'da mavjud edi. 

O‘QING: Xalqaro Mobil Kongress 2022 tadbirda qanday smartfonlar taqdim etildi?