Instagram'dagi fotosuratlarni saqlab olish uchun 48 soat

Instagram'dagi fotosuratlarni saqlab olish uchun 48 soat

Rossiya ommaviy axborot vositalarini kuzatish, nazorat qilish va tsenzura qilish uchun mas'ul bo'lgan Rossiya federal ijro etuvchi organi - Roskomnadzor Instagram ijtimoiy tarmog'ini to'liq bloklashini ma'lum qildi. Bir hafta oldin Facebook bloklanishiga "Rossiya OAVlariga nisbatan kamsitish" sabab bo'lgan bo'lsa, bu safar Roskomnadzor Meta bosh kompaniyasining moderatorlarga Rossiya askarlariga qarshi zo‘ravonlikka chaqiruvchi postlarga ma’lum mamlakatlarda ruxsat berganligi uchun bloklayotganini aytgan.

"Instagram ijtimoiy tarmog‘ida rossiyaliklarga qarshi zo‘ravonlik harakatlarini da’vat etuvchi va qo‘zg‘atuvchi xabarlar tarqalmoqda, shu munosabat bilan Rossiya Bosh prokuraturasi Roskomnadzordan ushbu ijtimoiy tarmoqqa kirishni cheklashni talab qildi."

Instagram Rossiyada bloklanishi allaqachon boshlangan bo'lsada, Roskomnadzor foydalanuvchilarga ijtimoiy tarmoqqa joylashtirgan surat va videolarini saqlab olish uchun 48 soat vaqt berishini ma'lum qilgan.

"Instagram'ning faol foydalanuvchilari o'zlarining foto va videomateriallarini boshqa ijtimoiy tarmoqlarga o'tkazishlari va o'z kontaktlari va obunachilariga xabar berishlari uchun vaqt kerak bo'lganligi sababli, Roskomnadzor qo'shimcha 48 soatlik o'tish vaqti bilan, 14-mart kuni soat 00:00 da Instagram'ga kirishga cheklovlar qo'yish tartibini yakunlashga qaror qildi."

Instagram rahbari Adam Mosseri "Dushanba kuni Instagram Rossiyada bloklanadi. Ushbu qaror Rossiyadagi 80 millionni bir-biridan va dunyoning qolgan qismidan uzib qo'yadi, chunki Rossiyadagi odamlarning ~ 80% Instagram akkauntini o'z mamlakatidan tashqarida kuzatib boradi. Bu noto'g'ri." deya tvit qoldirgan o'zining rasmiy Twitter sahifasida.

Bloklanish WhatsApp messenjeriga ta'sir qilmaydi. Facebook va Twitter allaqachon Rossiyada bloklangan edi. Avvalroq Rossiya bosh prokuraturasi Meta kompaniyasini "ekstremistik tashkilot" deb tan olishni va uning Rossiya Federatsiyasi hududida faoliyatini taqiqlashni talab qilgan edi.

O‘QING: Instagram yana ikki ilovasini App Store va Play Store'dan olib tashladi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!