Instagram'ga tez kunda repost qilish funksiyasi qo'shiladi

Instagram'ga tez kunda repost qilish funksiyasi qo'shiladi

Meta'ning Instagram ijtimoiy tarmog'i tez kunda foydalanuvchilarga postlarni "repost" qilish, ya'ni qayta post qilish imkonini beradigan xususiyatni qo'shadi. Bu haqida TechCrunch xabar bermoqda. Ma'lum bo'lishicha, yangi funksiya birinchi bo'lib taniqli ijtimoiy tarmoqlar konsultanti, Matt Navarra tomonidan aniqlangan. U o'zining rasmiy Twitter sahifasida Instagram'dagi Repost yorlig'ini ko'rsatadigan skrinshotni ulashdi. 

Rasmdan ko'rish mumkinki, Repost yorlig'i foydalanuvchi profilidagi postlar, Reels'lar va boshqa yorliqlar qatoriga qo'shiladi. Ehtimol, ushbu bo'limda siz o'zingiz qayta ulashgan barcha postlarni topishingiz mumkin.

"Biz lentadagi postlarni qayta ulashish imkoniyatini o'rganmoqdamiz - xuddi ularni Story'larda qanday ulashishingiz mumkin bo'lganidek. Biz buni tez orada kam sonli odamlar bilan sinab ko'rishni rejalashtirmoqdamiz." deydi Meta vakili TechCrunch'ga elektron pochta orqali.

Alessandro Paluzzining xabar qilishicha, Instagram bir necha oydan beri ushbu funksiya ustida ishlab kelmoqda. Shuningdek, uning so'zlariga ko'ra repost qilish tugmasi postni ulashish menyusida ham paydo bo'ladi. Bundan tashqari siz repost qilgan postingizga javob qaytarishingiz ham mumkin.

Ayni vaqtda foydalanuvchilar Instagram'da boshqa bir odamning postini o'zlarining Story'larida ulashishlari mumkin. Yangi qo'shiladigan funksiyasi esa foydalanuvchilarga postlarni to'g'ridan-to'g'ri lentaga repost qilishning imkonini beradi. Biroq, hozirda ko'pchilik buni amalga oshirish uchun uchinchi tomon ilovalaridan foydalanishadi. 

Instagram repost qilish funksiyasini o'z platformasiga qo'shayotgan birinchi platforma emas. Ushbu xususiyat anchadan beri Twitter'da mavjud. Aytish kerakki, Instagram'ning ashaddiy raqobatchisi ham bir necha oydan beri repost qilish funksiyasini sinovdan o'tkazib kelayotgan edi, lekin Instagram va Twitter'ning repost xususiyatidan farqli o'laroq, TikTok'da repost qilingan videolar sizning profilingiz paydo bo'lmaydi.

O'QING: Motorola Edge 30 Fusion va Edge 30 Neo modellari taqdim etildi