Intel noutbuklar uchun ilk 6 yadroli 8-avlod chiplarini taqdim qildi

Intel noutbuklar uchun ilk 6 yadroli 8-avlod chiplarini taqdim qildi

Amerikanning Intel kompaniyasi 2017 yilning yakunlariga ko‘ra protsessor ishlab chiqarishdagi global yetakchilik unvonini Samsung kompaniyasiga boy berib qo‘ydi. Taniqli ishlab chiqaruvchi so‘nggi 25 yil mobaynida bu borada yaqqol peshqadam bo‘lib kelayotgan edi.

Bir muddat avval Pekinda o‘tkazilgan rasmiy taqdimotda Intel 8-avlod Coffee Lake mobil protsessorlarini taqdim qildi. Intel birvarakayiga jamoatchilik e’tiboriga 11 ta Coffee Lake mobil protsessor modelllarini havola qildi. Jumladan, 6 yadroli Core i7 va Core i9 protsessor modellari tez orada noutbuk va planshetlarda o‘rnatila boshlaydi.

Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, sakkizinchi avlod chipsetlari yangi me’moriy yechimga asoslangan. Natijada, ular o‘yinlarni avvalgi chipsetlarga qaraganda 41% ga samaraliroq qayta ishlaydi. Shu bilan birga, bunday protsessorlar 4K sig‘imli videolarni 59% ga tezkor qayta ishlash xususiyatiga ham ega. Bu esa protsessorlar o‘rnatiladigan mobil qurilmalar quvvatni tejashda ham ilg‘or bo‘lishlarini anglatadi.

Chipmeyker ma’lumotlarni texnik qayta ishlash jarayonini qisqartirishga erishgani tufayli Core turkumiga kiruvchi yangi protsessorlar modellarining qizib ketish darajasi ham kamaygan. Yangi texnik me’moriy yechim mobil qurilmalarning tezkor ishlashi uchun ayni muddao. Ya’ni, jarayon qisqarishi va samaradorlikning oshgani chipsetning chastota tezligini ham oshiradi.

Natijada, 6 yadroli Intel Core i9-8950HK flagman chipining chastota tezligi 2,9 GGs.ga teng bo‘ladi. Ya’ni, protsessorning bir sekundda amalga oshiradigan amallar miqdori shunchaga teng. Chatota o‘lchami qancha yuqori bo‘lsa, samaradorlik ham shu qadar oshib boradi.

Turbo Boost rejimi yordamida yangi avlod chiplarining chastota o‘lchami 2 barobarga oshib, 4,8 GGs.ga yetadi. Yaqin yillargacha ham bunday samaradorlik xususida biror ishlab chiqaruvchi orzu ham qilolmas edi. Endi esa bunday texnologiya haqiqatga aylandi.

Intel Core i9-8950HK flagman protsessorining bahosi Amerikada $583 dollarga tushadi. Boshqa mamlakatlarda esa narx yanayam yuqorilaydi. Ma’lum qilinishicha, MSI GT75 Titan o‘yin noutbuki mazkur chipga ega bo‘lgan ilk noutbuk bo‘ladi. Bu gadjetning bahosi $3 999 dollarni tashkil qiladi.

Intel taqdim qilgan 6 yadroli protsessorlarning eng arzoni $395 dollardan sotiladi. Ko‘rinib turibdiki, biz bu ilg‘or chiplarni 2018 yilning qimmatbaho noutbuklarida ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!