Internetda rasm sotib pul ishlashni o‘rganamiz! (2-qism)

Internetda rasm sotib pul ishlashni o‘rganamiz! (2-qism)

«Onlayn daromad» rukni ostidagi fotografiyadan onlayn daromad olish borasidagi turkum maqolalarimiz davom etadi.

Oldingi postimizda internetda rasm sotib, pul topish mumkin bo‘lgan 18 ta eng yaxshi sayt bilan tanishgan edik. Endi esa fotografiya biznesingizni muvaffaqiyatli qilish uchun muhim bo‘lgan ikki bosqich haqida suhbatlashamiz.

O‘QING: Apertura nima?

1. O‘z mavzuyingizni aniqlang

Har bir muvaffaqiyatli fotografning ishlarida bir mavzu yoki uslub yoritilib boradi. Sayohat, moda, shahar manzarasi, tabiat, ovqatlar va h.k. lardan qay biri bo‘yicha bormoqchi bo‘lsangiz ham, ishingizda barqarorlik bo‘lishi muhim.

Odamlar internetda boshqalarga follov qilishi, ergashishining sababi o‘zlari qiziqqan mazvudagi kontentni o‘sha odam orqali olish xohishidir. Agar bu ehtiyojni qondirmasangiz, muxlislaringizni yo‘qota boshlaysiz. Auditoriyangizga qanday stil va mavzular ma’qul kelayotganini aniqlab olganingizdan so‘ng o‘zingizda ham aynan ma’lum yo‘nalishda faoliyat yuritish ishtiyoqi paydo bo‘ladi. Holbuki, qaysi mavzu va yo‘nalishlarga talab yuqori ekanligini qidiruv tizimlari yordamida aniqlab, so‘rov natijasiga ko‘ra harakat qilsangiz ham bo‘ladi.

Masalan, Keywords Everywhere brauzer kengaytmasi Google qidruvi ostida siz so‘ragan kalit so‘z qanchalik ommabop ekanini ko‘rsatib beradi. Bu esa talabgir mavzularni topish va ular bilan tajriba o‘tkazish jarayonini osonlashtiradi.

Ko‘rsatma sifatida aytishimiz mumkinki, oyiga 1,000 martadan ko‘proq qidiruv beriladigan istalgan mavzuga qiziqib, o‘sha yo‘nalishda o‘zingizni sinab ko‘rsangiz bo‘ladi.

Blogerlar, YouTube'chilar va san’atkorlar singari fotograflar ham o‘z auditoriyasini qurishga ​​sarmoya kiritmog‘i lozim, chunki oxir oqibat aynan auditoriyangiz fotografiya biznesingiz muvaffaqiyatini belgilab beradi. Frilanserlik qilasizmi yoki onlayn rasm sotasizmi, bundan qat’i nazar o‘z qamrovingizni kengaytirish va mijozlar ishonchini qozonish uchun o‘z tarmog‘ingizni qurish va undan foydalanishingiz kerak.

Instagram yoki Tumblr singari ko‘plab foydalanuvchiga ega vizual ijtimoiy tarmoqlar katta auditoriyani qamrab olishingizga yordam berishi mumkin. Lekin foto-ulashuv saytlari ham mavjud bo‘lib, ular sizga boshqa fotograflar bilan bog‘lanish, folloverlar yig‘ish va, platformaga qarab, raqamli fotolaringiz uchun litsenziyalar sotish imkonini beradi.

Turli akkauntlaringizni o‘zaro bog‘lash ko‘plab platformalar bo‘ylab foto ulashish amaliyotingizni osonlashtiradi va fotolaringizning ko‘rishlar sonini oshiradi. Masalan, Instagram'da Opsiyalar> Sozlamalar> Ulangan akkauntlar oynasiga o‘tib, Instagram akkauntingizga Tumblr, Facebook akkauntlaringizni bog‘lab qo‘yishingiz va bir joyning o‘zida turib, bir urinishda bir necha platformalarda post e’lon qilishingiz mumkin.

IFTTT ham foydali, tekin ilovalardan bo‘lib, uning yordamida o‘zaro integrallashmagan qator dasturlar, misol uchun, Instagram va Dropbox'ni birlashtirishingiz mumkin.

Instagram'da Hashtagify'dan foydalanib, platformada fotolaringizning ko‘rishlar sonini oshirish uchun aktual va aktiv heshtgelarni aniqlashingiz hamda ko‘proq layk va komment yig‘ishingiz mumkin.

2. Portfolioingizga elektron tijoratni integrallashtiring

Aksariyat fotograflar potensial mijozlarga taqdim qilish uchun asosiy portfolioga ega. Biroq saytingizga e-tijoratni — masalan, PayPal yoki Shop Pay orqali to‘lovlarni qabul qilish imkoniyatini — qo‘shib qo‘yish bilan o‘zingizga qator monetizatsiya yo‘llari, xususan, fotografiya oid kurslar, moddiy mahsulot va xizmatlarni sotish uchun eshik ochasiz.

Masalan, Deyv Senford ismli fotografning do‘konida uning yovvoyi tabiat aks etgan fotolari bor. Senford, shuningdek, bosma rasmlar va kalendarlarni ham sotishni yo‘lga qo‘ygan.

Siz Shopify'da o‘zingizning portfolioingizni qurishingiz yoki do‘koningizni ochishingiz mumkin. Bundan tashqari, do‘konni o‘z xohishingiz va monetizatsiya strategiyalaringizga qarab o‘zgartirish uchun maxsus ilovalarni o‘rnatib, fotolaringizni turli ko‘rinishda — ijtimoiy tarmoq orqali yoki reklama uchun sotishingiz mumkin.

Demak, fotografiya biznesingizni muvaffaqiyatli qilish uchun o‘z mavzuyingizni aniqlab, portfolioingizga elektron tijorat funksiyasini qo‘shib qo‘yish kerak ekan.

«Onlayn daromad» rukni ostidagi fotografiyaga ixtisoslashgan turkum maqolalarimiz davom etadi. Maqolaning keyingi sonida fotolaringizni bosma rasm, mahsulot va servis sifatida sotish usullari bilan tanishib chiqamiz. Bizni kuzatishda davom eting.

O‘QING: Zeiss optikali va Snapdragon 888 chipli Vivo X60 Pro + chiqdi: mobil fotografiya taxtiga yangi da’vogar!