iOS 11 yoqmadimi? iOS 10’ga qaytamiz!

  •   DiMaX
  •  2043
  •  08.06.2017 16:56

iOS 11 yoqmadimi? iOS 10’ga qaytamiz!

Apple o‘zining iOS 11 tizimida ko‘p innovatsion funksiyalarni joriy qildi: foydalanuvchiga fayllarni boshqarish, interfeysning to‘qrang rejimini faollashtirish kabi imkoniyatlarni taqdim etdi.

Ammo yangi versiyada kamchiliklar ham yetarlicha; masalan, u ayrim ilovalarni «tan olmaydi». Bulardan tashqari, oxirgi versiyagacha yangilangan iPhone qotib ishlaydi, akkumulyator quvvati juda tez tugab qoladi. Umuman olganda, ishlab chiquvchilar uchun chiqarilgan beta-versiyadan barqaror ishlashni talab qilish ham to‘g‘ri emas, lekin iOS 11 faoliyatini hatto sinov versiyasi uchun ham yaxshi, deyish mushkul.

Agarda siz ham iPhone’ingizni iOS 11 tizimigacha yangilagan bo‘lsangiz-u, uning nuqsonlaridan boshingiz qotgan bo‘lsa, biz sizga sal eskiroq, ammo barqaror iOS 10.3.2 versiyasiga qaytishni maslahat beramiz. To‘g‘ri, beta-versiyagacha yangilashdan ko‘ra tizimni ortga qaytarish murakkabroq kechadi, ammo bu shunga arziydi.

Oldingi versiyaga qaytish uchun sizga kompyuter ham kerak bo‘ladi, chunki tizimni «havodan» orqaga qaytarib bo‘lmaydi. Shuningdek, qurilmangizni kompyuterga ulash uchun kabel va, albatta, internet ham zarur. Bundan tashqari, har ehtimolga qarshi, barcha ma’lumotlaringizning zaxira nusxasini saqlab qo‘yamiz.

 Xullas, shularni tayyorlab olgach, ketma-ketlikda mana bu harakatlarni amalga oshiramiz:

  1. iOS-qurilmani Mac yoki Windows tizimli kompyuterga ulaymiz va iTunes dasturini ochamiz.
  2. Agarda smartfoningiz iPhone 7 yoki 7 Plus bo‘lsa, uni o‘chirib-yoqish tugmachasini ovoz pasaytirish tugmachasi bilan birga bosamiz. Bordiyu telefoningiz undan oldingi Ayfonlardan bo‘lsa, u holda o‘chirib-yoqish tugmachasi va «Uyga» tugmachasini baravar bosamiz.
  3. Tugmchalarni birgalikda taxminan 5 soniyacha bosib turamiz, shunda gadjet o‘chib-yonadi.
  4. Smartfon yonganidan so‘ng iTunes bu qurilmani qayta tiklash rejimida ko‘radi va uni dolzarb iOS versiyasini o‘rnatgan holda boshlang‘ich sozlamalariga qaytarishni taklif etadi.
  5. Mazkur amalni tasdiqlash uchun «Vosstanovit i obnovit»ni bosamiz, litsenzion bitim shartlariga rozilik beramiz. Keyin esa proshivka internetdan yuklanib, o‘rnatilgunicha kutamiz.

O‘rnatish jarayonida iOS-devaysingiz bir necha marta o‘zi o‘chib-yonadi. Nihoyat, o‘rnatish tugagach, siz zavoddan chiqqan paytidagidek sozlamalarga ega bo‘lgan toza devaysga ega bo‘lasiz. Shundan keyin uni xuddi yangi olgandek sozlashingiz yoki o‘zingiz avval belgilab qo‘ygan sozlamalar va ma’lumotlaringizni zaxira nusxasidan tiklashingiz mumkin bo‘ladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!