iOS 14 operatsion tizimi taqdim etildi

  •   DiMaX
  •  1805
  •  23.06.2020 15:52

iOS 14 operatsion tizimi taqdim etildi

Apple korporatsiyasi iOS 14 operatsion tizim talqinini yangicha – iPhoneOS (yoki iPhone OS) nomi bilan chiqarishi haqida xabar tarqalgan edi. Ammo bu ma’lumotlar o‘zini oqlamadi – WWDC 2020 tadbiri doirasida iOS 14 taqdim etildi.

O‘QING: Apple xodimi hali chiqmagan iOS 14 tizimli iPhone’ni ikki bitkoinga sotdi! (+«jonli» video)

O‘n to‘rtinchi operatsion tizim talqinida iPhone’ning asosiy ekrani tubdan o‘zgardi – endi vidjetlarni, ya’ni boshqa ilovalarning tuynukchalarini joylashtirish va o‘lchamlarini o‘zgartirish mumkin.

Yana bir yangilik Smart Stack vidjeti bo‘lib, sutka davomida dolzarbligiga qarab faol ilovalarni ko‘rsatadi.

iOS 14 da ilovalar kutubxonasi ham ko‘zda tutilgan – ilovalar guruhlar va ro‘yxatlar ko‘rinishida joylashadi. Ayni shu kutubxona asosiy sahifadagi ilovani yashirish imkonini ham beradi.

Yangi operatsion tizim videoni fon tartibida ko‘rish imkonini ham taqdim etmoqda. Ya’ni videoning ekrandagi kattaligini boshqarish orqali bir paytning o‘zida boshqa ilovalar bilan ham ishlash mumkin.

Siri ovozli yordamchisi uchun ekranning quyi qismida kichik joy ajratilgan. Apple Translate funksiyalari qatorida sinxron tarjimon ham paydo bo‘ldi.

Apple korporatsiyasi ushbu tadbirda yana iPad OS 14, watchOS 7 va macOS Big Sur operatsion tizimlarini ham taqdim etdi. Yangi iPad OS 14 ham xuddi yangi iOS 14 kabi vidjetlar bilan ishlash funksiyalariga ega.

O‘QING: Apple Watch’ning original funksiyasi qanday ishlashini sekinlashtirilgan videoda ko‘ramiz