iOS 16 rasman taqdim qilindi!

iOS 16 rasman taqdim qilindi!

Kecha, Apple'ning uzoq kutilgan Worldwide Developers Conference (WWDC) tadbirining 2022-yildagi soni bo'lib o'tdi va unda har doimgidek iPhone smartfonlari uchun iOS operatsion tizimining yangi versiyasi - iOS 16 va uning xususiyatlari birinchi bo'lib ko'rsatildi.

iOS'ning yangi versiyasida eng katta o'zgarishni ekran qulfi qabul qilgan bo'lib, endilikda siz uni o'zingiz uchun moslashtira olasiz. Bunda yangi multiqatlamli effekt bilan suratlaringizni soatning oldiga 3D ko'rinishida joylashtirishingiz, soat yoki sananing ko'rinishini turli xil stillar va ranglar bilan o'zgartirishingiz mumkin. Shuningdek, endi bir qarashda kalendar tadbirlari, ob-havo, batareya darajasi kabi ko'proq ma'lumotlar olish uchun ekran qulfiga har xil vidjetlar o'rnatish imkonini yaratilgan. Qo'shimchasiga siz bir emas, bir nechta personallashtirilgan ekran qulflarini yaratishingiz va istalgan vaqt ekranni svayp qilish bilan ularni alishtirib foydalanishingiz mumkin bo'ladi.

Shu bilan birga yangi versiyaga foydalanuvchilarga real vaqtda sodir bo‘layotgan narsalar, masalan, sport o‘yini, mashg‘ulot, sayohat yoki oziq-ovqat yetkazib berish buyurtmasi haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ekran qulfidan xabardor bo‘lib turishga yordam beradigan yangi — Live Activities xususiyati ham qo'shilgan.

O'n oltinchi versiyadagi iOS bilan bildirishnomalar endi ekran qulfining pastida paydo bo'ladi.

Yana bir sezilarli o'zgarishlardan biri shundaki, iOS 16 bilan foydalanuvchilar endi Messages ilovasida xabarlarni tahrirlashlari, jo'natilgan xabarni bekor qilishlari, yaqinda o'chirilgan xabarlarni tiklashlari yoki xabarlarni "o'qilmagan" qilib belgilashlari mumkin.

Shuningdek, Mail ilovasiga yangi qo'shilgan funksiyalar ko'pchilik tasodifan qiladigan xatolarni to'g'rilashga imkon beradi, masalan, endi siz yuborayotgan pochta xabaringizni jo'natuvchi qutisiga tushmasdan bekor qila olasiz. Yana bir shunday foydali xususiyat: endilikda Mail pochta xabarning unga biriktirib yuboriladigan fayl unutib qoldirilayotganini aniqlay oladi.

Apple'ning Live Text xususiyati yangi iOS versiyasi bilan videolarga ham qo'shilmoqda va bu degani siz endi videoning istalgan soniyasini to'xtatib, undagi matnli xabar bilan ishlashingiz, ya'ni uni tarjima qilishingiz yoki valyutalarni konvertatsiya qilishingiz mumkin bo'ladi.

Visual Look Up ham iOS 16 bilan yangi xususiyatga ega bo'lmoqda: endilikda foydalanuvchilar suratlardagi qushlar, hayvonlar va haykallar kabi narsalar ustiga bosib turish bilan ularni rasmdan ko'tarishlari va Messages kabi ilovalar ichiga joylashtirishlari mumkin.

Apple Pay ham xarid narxini to'rtta teng to'lovlarga, foizlarsiz bo'lib beradigan Pay Later xususiyatini va buyurtmalarni kuzatib borish imkonini beradigan funksiyaga ham ega bo'lgan.

Wallet ham bir necha yangiliklarni qabul qilgan bo'lib, xavfsizlik va maxfiylik uchun undagi saqlangan ID'ning faqat kerakli joyini so'ralgan ilovaga ko'rsatish imkoniyati yaratilgan.

Shuningdek, Apple Maps 15 tagacha to'xtash mumkin bo'lgan marshrut xususiyatiga, iCloud oltitagacha oila a'zolari bilan suratlarni bir kutubxonadan boshqasiga alishish xususiyatiga, Safari veb-saytlar, xatcho'plar kolleksiyasini ulashish uchun Tab Groups va platformalarga xavfsiz kirish imkonini beradigan "passkeys" xususiyatiga, Dictation esa emoji nomini aytish bilan matnga uni qo'shish xususiyatiga ega bo'lgan.

iOS 16 yoz fasli davomida test sinovlaridan o'tganidan keyin, shu yilning kuz faslida, iPhone 14 bilan debyut qilishi kutilmoqda.

O'QING: Apple M2 chipseti taqdim etildi