iOS tizimiga 2015 yildayoq joriy etilgan funksiya Android Q talqiniga endi qo‘shilyapti! (+video)

  •   DiMaX
  •  1130
  •  08.04.2019 18:13

iOS tizimiga 2015 yildayoq joriy etilgan funksiya Android Q talqiniga endi qo‘shilyapti! (+video)

Google kompaniyasi o‘ninchi avlod – Android Q operatsion tizimining allaqachon birinchi, sal o‘tib esa ikkinchi beta-versiyalarini taqdim etdi. Ammo uni faqat beta-testerlar dasturidagilar sinab ko‘rishi mumkin, keng foydalanuvchilar esa mazkur tizimning ko‘p funksiyalarini hali keyinroq ko‘radilar.

O‘QING: Android Q oboylari va ringtonlarini hozirdanoq o‘rnatib olishingiz mumkin!

Android 10 Q talqiniga qo‘shilayotgan yangi funksiyalardan biri foydalanuvchining smartfon bilan o‘zaro muloqotining yangi usulini taklif etadi. Qizig‘i – ushbu imkoniyatni Apple kompaniyasi iOS tizimli qurilmalar foydalanuvchilariga 2015 yildayoq taqdim etgan edi.

Bu – ekranning sensori teginishning kuchini farqlashi va turli bosim bilan bosganda tegishli reaksiya qaytarishi funksiyasidir. iOS tizimida ushbu texnologiya 3D Touch deb nomlanib, ilk bora iPhone 6S va iPhone 6S Plus modellarida tatbiq etilgan.

Mana, iOS tizimidagi bu funksiyaning ishlashini videoda ko‘ramiz:

Android Q tizimining dasturchilarga mo‘ljallangan hujjatlarida qurilmani boshqarishga bag‘ishlangan «MotionEvent» bo‘limi mavjud. Shu yerda «chuqur teginish» degan yangi atama paydo bo‘lgan – u foydalanuvchining sensor ekranga kuchliroq bosishini anglatadi. Uning tavsifida yozilishicha, bu – uzoq bosib turishning tezlashtirilgan variantidir. Ya’ni, Android’ning hozirgi talqinlarida uzoqroq bosib turish orqali ishga tushiriladigan funksiyalarni yangi versiyadagi tizimda kuchliroq bosish orqali tezroq bajarish mumkin bo‘ladi.

iOS tizimida ishlovchi va 3D Touch funksiyasiga ega ayfonlar ekranga yengil, o‘rtacha va kuchli bosishni farqlay oladi, chunki ularda buning uchun maxsus bosim datchiklari mavjud. Tavsifga ko‘ra, Android-qurilmalar shunchaki bunday qobiliyatga ega emas – ularning sensori boshqacha. Xullas, Google ushbu yangi opsiyani smartfonlarga qay tariqa joriy etishi hozircha noma’lum. Bu boradagi yangiliklardan birinchilar qatorida boxabar bo‘lish uchun bizni kuzatishda davom eting.

O‘QING: Qaysi smartfonlar egalari Android Q’ni birinchilar qatorida sinab ko‘rishadi?