iOS va Android ziddiyati: boshi berk ko‘cha

  •   DiMaX
  •  2827
  •  23.05.2017 16:50

iOS va Android ziddiyati: boshi berk ko‘cha

Mobil operatsion tizimlarni o‘zaro solishtirish endi aytarli qiziq bo‘lmay qoldi, deyiladi 4pda.ru nashridagi maqolada. Apple va Google bu borada poygalashib, o‘z operatsion tizimlarini qulay, ko‘pfunksiyali va… o‘zaro o‘xshash qilib qo‘yishdi.

Ular endi o‘z e’tiborlarini ko‘proq boshqa loyihalarga qaratishmoqda. Poyganing boshqa ishtirokchilari – Microsoft, BlackBerry va Canonical kabilar esa ancha orqada qolib ketishgan.

Endi iOS yoki Android’ning yangi versiyalarida qilinadigan ishlar ham katta bir o‘zgarishlar bo‘lmaydi, ular kerakli yuksaklikka yetib, yoki boshqacharoq aytganda – boshi berk ko‘chaga kirib bo‘ldi.

Xo‘sh, eng ommabop mobil operatsion tizimlar qanday qilib bu darajaga kelib qoldi va kelajakda ularni inqilobiy o‘zgarishlar kutadimi – maqolada shular xususida fikr yuritiladi.

Dastlabki kod

Gapni bu ikki tizimning ibtidosidan boshlasak. Ularning asosiy farqi ma’lum: Google’dan farqli ravishda, Apple o‘z mobil operatsion tizimining dastlabki kodini to‘lig‘icha o‘z nazoratiga olgan va chet ishlab chiquvchilar uchun faqat ayrim unsurlargagina kirishga ruxsat bergan. Bunda Stiv Jobs bir necha bor Android’ni ochiqligi va undan kelib chiqadigan haddan ziyod murakkabligi sababli tanqid ham qilgan. Biroq tarix shuni ko‘rsatdiki, har qanday yondashuvning natijasi yaxshi ham, yomon ham bo‘lib ketishi mumkin ekan.

iOS ilk bora 2007 yilning 9 yanvarida – kompaniyaning birinchi smartfoni bilan birgalikda – iPhone OS 1 nomi bilan chiqqan, o‘shanda u «Mac OS’ning mobil versiyasi» sifatida taqdim etilgan edi. Apple’ning «desktop» operatsion tizimi singari, iOS ham ikkita asosiy tarkibiy qismga tayangan holda qurilgan. Bular – Apple va NeXT tomonidan ishlab chiqilgan XNU yadrosi va Darwin tizimidir. Darwin tizimi shaklan Unix’ning SUSv3 spetsifikatsiyasiga muvofiq keladi, ammo uning aynan o‘zi emas (baribir «X is Not Unix»). Shunisi ham borki, iOS hamda macOS’dan farqli ravishda, XNU va Darwin – ochiq dastlabki kodga ega tizimlardir. Apple esa ularga tayangan holda yopiq dastlabki kodga ega tizimlar yaratgan.

iPhone OS 1 ish stoli

iOS’ning yopiqligi Apple’ga nafaqat o‘zining, balki chet ishlab chiquvchilarning ham softini nazorat qilib borish imkonini beradi. Masalan, iOS SDK hamda Xcode ishlanmalar muhitining bepul ekanligiga qaramasdan, har bir dasturchi Apple-qurilmalarining emulyatorini qo‘llash va o‘z ilovasini App Store’ga joylash imkoniyati uchun yiliga 99 AQSh dollari miqdorida to‘lov qilishi shart. SDK erkin foydalanishga qo‘yilgan 2008 yilning mart oyigacha ham, chet ishlab chiquvchilar baribir iPhone OS uchun ilova yarata olmas edilar. Ilovalar do‘koni faqat mobil operatsion tizimning ikkinchi versiyasidagina paydo bo‘ldi. Apple’ga oid bo‘lmagan biror narsaning o‘z tizimiga kirib kelishini xushlamaydigan Stiv Jobs, bu qadamga zo‘rg‘a rozi bo‘lgan.

Android’ning mobil bozorga kirib kelish yo‘li esa yanada mashaqqatli kechgan. Google tomonidan 2005 yili sotib olingan Android Inc. dastlab GPS tizimiga ega tugmachali telefonlar uchun operatsion tizim ishlab chiqarish ustida ishlayotgandi. Biroq iPhone taqdimoti Endi Rubin rahbarligidagi bu jamoaning barcha rejalarini chippakka chiqardi. Tizimni shoshilinch tarzda to‘lig‘icha qayta ishlashga to‘g‘ri keldi. Biroq 2008 yilning sentyabriga kelibgina HTC Dream (yana bir nomi – T-Mobile G1) smartfoni bilan birga Android’ning ilk to‘laqonli versiyasi taqdim etildi. Yaqqol ko‘rinib turgan xatoliklarni tuzatish va tizimni yaxshilash ishlariga butun boshli bir yil kerak bo‘ldi – 2009 yilning oxirlaridagina tizim iOS bilan chinakamiga raqobatlasha olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bunda Google’ni qo‘llab-quvvatlagan hamda o‘sha yili «yashil robotchali» devayslar chiqara boshlagan Motorola va Samsung katta rol o‘ynadi.

Android’ning ilk to‘laqonli versiyasi ish stoli

Android asosida Linux yadrosi hamda ochiq dasturiy ta’minot falsafasi yotadi. Bu shuni anglatadiki, istagan kishi Google Android’ni olib, uning asosida o‘zining fantaziyasiga ko‘ra o‘z mobil operatsion tizimini yaratishi mumkin; bunda u Google’ga bir martalik 25 AQSh dollari miqdorida to‘lovni amalga oshirsa bas. Shu sababli ham Android bazasida boshqlarning ko‘p sonli proshivkalari va hatto «o‘z operatsion tizimlari» yuzaga keldi. Ular orasidan, masalan, eng mashhuri Cyanogen OS (hozirda Lineage OS) bo‘lib, u CyanogenMod proshivkasidan «o‘sib chiqqan». Android endigina bozorda paydo bo‘lganida esa, uning «tortib ketishi»ga ishonganlar kam edi. Hatto HTC ham o‘zining o‘sha mashhur smartfonini Google unga haq to‘lagani uchungina chiqargandi.

HTC Dream – Android tizimidagi ilk ommaviy ishlab chiqarilgan qurilma

Apple esa, aksincha, muvaffaqiyatli inqilobchi nomini qozonib ulgurgan edi. Axir, Stiv Jobs o‘zining ko‘plab innovatsion ishlanmalari bilan tanilib bo‘lgandi-da: ilk ommaviy ishlab chiqarilgan shaxsiy kompyuter – Macintosh, birinchi monoblok – iMac, musiqa industriyasini titratib yuborgan va boshqa qo‘shni sohalarga ham «tegib ketgan» iPod+iTunes tandemi… Millionlab foydalanuvchilarning «Apple telefoni» sotib olishni istashlari uchun shularning o‘zi ham yetarli edi. Stiv Jobs, ixlosmandlarning ishonchlarini yo‘qqa chiqarishga haqqi yo‘qligini yaxshi tushunardi, shuning uchun ham uning mobil operatsion tizimi boshlanishidanoq qoyilmaqom, ideal bo‘lishi shart edi. SDK’ni chiqarmaslik istagi va boshlang‘ich kodning yopiqligi mana shundan kelib chiqqan.

Unda nega ular o‘zaro o‘xshash?

Boshidanoq turlicha ibtidoga, dasturiy ta’minot nuqtai nazaridan turlicha yondashuvlarga ega bo‘lishiga qaramasdan, bugungi kunda iOS va Android bir-biriga juda o‘xshash bo‘lib qolgan. Xo‘sh, nega bunday bo‘ldi?

Aslida hammasi juda oddiy. Texnologiyalar aqldan ozdirar darajadagi tezkorlik bilan rivojlanayotgan, foydalanuvchilarning ehtiyojlari esa salkam geometrik progress tarzida o‘sib borayotgan bu olamda, bugungi yutuqlar ertagayoq tarixga aylanib ulgurmoqda. Ishlab chiqaruvchi shu paytgacha nimalar yaratgani, qanaqa muvaffaqiyatga erishgani emas, balki endi nima qilmoqchi ekani, qaysi yo‘nalishda harakatlanayotgani, evolyusiya yoki revolyusiya yo‘lini rejalashtirayotgani muhimdir. Birinchi iPad chiqqanidan buyon o‘tgan olti yarim yil mobaynida Apple birorta mutlaqo yangi narsa yaratmadi, jumladan, dasturiy ta’minot borasida ham. Bugungi kunda guvoh bo‘layotganimiz – oddiygina evolyusiyadir.

Agarda nihoyasi yo‘q bahslarni bir chekkaga surib turib, chuqurroq qaralsa va har qanday operatsion tizim bajaradigan asosiy vazifalarni anglab yetsak, iOS va Android’ning o‘ta o‘xshashligi ma’lum bo‘ladi. Asosiy vazifalar esa uchta: qurilmaning to‘g‘ri ishlashini ta’minlash, foydalanuvchining ehtiyojlarini qondirish va bularning barchasini qulay bajarish imkoniyatini ta’minlash. Bu uchalasini odatda qisqacha qilib uchta atama bilan ifodalaymiz: optimizatsiya, funksionallik va interfeys.

Optimizatsiya. Ishlab chiquvchi o‘zining devaysini qay tariqa optimallashtirishi biz – foydalanuvchilar uchun muhim emas. Bizga muhimi – hammasi yaxshi ishlasin, agar «uchib» ishlasa – yanada yaxshi. Google va Apple bugun bu vazifani bir xil darajada uddalashmoqda – qoyilmaqom emas! Ammo ulardan shundan ortig‘ini talab qilish ham, aftidan, hozircha befoyda. Ta’kidlash kerakki, qidiruv giganti oldida bu borada yanada jiddiyroq vazifa bor: u nafaqat ilg‘or qurilmalarda, balki hamyonbop variantlarda ham operatsion tizimning yaxshi ishlashini ta’minlashi kerak.

Google Android One – rivojlanayotgan bozorlarda hamyonbop modellar uchun yaxshi yechim

Barchaga yaxshi ma’lumki, har qanday operatsion tizimdagi gadjet bir-ikkita yirik yangilanishdan keyinoq og‘irlasha boshlaydi, so‘ngroq esa ularning qo‘llab-quvvatlanishi umuman to‘xtatiladi. Lekin Android olamida ko‘plab chet proshivkalar mavjud; ulardan ayrimlari to‘rt-besh yillik devayslardan ham qulay foydalanish imkonini beradi. Bular quruq gap emas, masalan, shu maqola muallifi ishlatayotgan Samsung Galaxy Note 2 smartfonida Android 7.1 versiyasi o‘rnatilgan bo‘lib, me’yorida ishlayotgani ta’kidlangan. O‘sha yili chiqarilgan iPhone 5 esa rasman iOS’ning eng oxirgi versiyasigacha yangilanadi, biroq amalda ishlashi bo‘yicha u Galaxy Note 2’dan orqada.

Funksionallik. Foydalanuvchining ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha ham iOS va Android tizimlari deyarli bir xil darajada. Har ikkalovi ham simli va simsiz aloqaning barcha dolzarb turlarini qo‘llab-quvvatlaydi va, shundan kelib chiqqan holda, ularning barcha afzalliklaridan imkon qadar to‘liq foydalanadi. Faqat bittagina istisno bor: iOS tizimida NFC’dan foydalanishga sun’iy cheklov qo‘yilgan, shuningdek, u OTG’ni qo‘llab-quvvatlamaydi. Dasturiy ta’minot masalasiga kelsak, bu ikki tizimdan bittasida amalga oshirish imkoni mavjud bo‘lgan har qanday ishni ikkinchisida ham qilib bo‘ladi. App Store va Google Play’da barcha topshiriqlarning yechimlari uchun teng darajada ilovalar mavjud.

App Store va Google Play’ning bosh sahifalaridan parchalar

Interfeys. Bu tomonidan Apple bir necha yil mobaynida boshqa mobil operatsion tizimlardan (jumladan, Google’nikidan ham) anchagina ilgarilab ketgan edi. «Olmali» operatsion tizim nafaqat haqiqatan ham chiroyli, balki funksionalligi jihatidan ham zo‘r edi. Aynan interfeysining qulayligi foydalanuvchilarga qurilma bilan ishlashning barcha nozikliklarini o‘zlashtirishda yordam berardi. Biroq «yassi» dizaynli iOS 7 hamda bir yildan so‘ng «material design»ga ega Android 5.0 chiqqanidan so‘ng, oradagi farq yo‘q darajada qisqardi. Bunda gap faqatgina tashqi ko‘rinishga tegishli emas – Android’ning ayrim chet proshivkalarini hisobga olmaganda, bu ikki tizim qiyofasi o‘xshamaydi. Gap foydalanuvchi va tizimning o‘zaro munosabatlari, ta’sirlari, harakatlari tamoyillarida.

iOS 10 hamda Android 7.1 sozlamalar oynalari

Har ikkala tizim bugungi kunda minimal ichki tarmoqlanishga ega bo‘lgan deyarli bir xil tarkibda. Asosiy ekran va blokirovka ekranidagi bildirishnomalar markazlari o‘zaro o‘xshab ketadi, asosiy funksiyalarni boshqaruv markazlari juda o‘xshash, ovozli yordamchilar va boshqalar ham shunday. Foydalanuvchi har ikkala tizimni ham yagona mantiqiy usul – teginish (tap) va silash (svayp) urdamida boshqaradi va bunda kontent bilan «yuzma-yuz» muloqotga kirishadi.

Shunga qaramasdan, Apple tizimi foydalanuvchiga interfeys sozlamalari bo‘yicha kamroq erkinlik beradi. Masalan, iPad’ning tezkor sozlamalarida internet uzatmasini yoqish/o‘chirish imkoniyati yo‘qligi odamning jig‘iga tegadi. Android-devayslarda esa bunaqa murakkablik allaqachon bartaraf etilgan.

Xo‘sh, endi-chi?

Barcha mukammalliklariga qaramasdan, Apple baribir o‘z foydalanuvchilarining sodiqligiga tayanadi; ular esa boshqa har qanday smartfonsozning sodiq ixlosmandlaridan ko‘proq. Bunga hayratlanmasa ham bo‘ladi, axir, iOS avvaldan ko‘pfunksiyalilik bilan qulaylikning uyg‘unligini taklif etib kelgan. Qurilmani tegishli yo‘riqnomasiga ko‘ra bir martagina sozlaysiz va keyin u haqda umuman o‘ylamay qo‘yaverasiz. Hammasi xuddi ishlab chiquvchilar belgilab bergan tarzda ishlayveradi. Bir qarashda, dasturchilar hamma narsani bilishadi, ammo kaltakning ikkita uchi borligini ham esdan chiqarmaslik darkor.

iOS’ning har bir yirik yangilanmasi yangi funksiyalarni taqdim etadi, ular judayam kerakli, foydali bo‘lishi yoki aksincha, hatto noqulaylik keltirishi ham mumkin. Deylik, iPad’ning menyusida o‘ngdan chapga silash orqali chaqiriladigan Slide Over – foydali narsa, ammo elektron kitoblar mutolaasida u xalaqit beradi. Axir, elektron kitoblarda keyingi sahifaga o‘tish uchun ham o‘ngdan chapga silab «varaqlanadi»-da! Aksiga olib, mutolaa ilovasida Slide Over funksiyasini o‘chirib qo‘yish imkoniyati ham yo‘q. Umuman, uni na o‘chirib qo‘yib va na sozlab bo‘ladi.

Bu shunchaki bittagina misol; afsuski, iOS’ning 9 va 10-versiyalarida bu kabi o‘zaro zid keluvchi va qutulish imkoni ham qoldirilmagan yechimlar talaygina. Shuning uchun ham, balki, iOS 11 versiyasida bizni nimalar kutayotganini bilmay qo‘yaqolganimiz ma’quldir? Umuman olganda, mazkur yangilanishdan biz nimalar kutishimizni hatto aytish ham qiyin. Ehtimol, Home tugmasining funksiyalari anchagina kengayishidir?

iOS’ning so‘nggi versiyalaridagi noqulayliklarga misollar: pleyerning alohida menyuga chiqarilgan tezkor boshqaruvi hamda o‘chirib qo‘yilmaydigan Slide Over

Google tomonidan ishga tushirilgan Android O beta-versiyasi tufayli, biz bu tizimdagi kutilayotgan yangiliklarning aksariyatidan boxabar bo‘lishimiz mumkin. Unga kiritiladigan o‘zgarishlar yirik bir yangilanish qilishga arziydi: qurilma ishlashining va akkumulyator sarfining optimallashtirilishi, yangi kodeklar, interfeysdagi o‘zgarishlar… Hammasi zo‘r, ammo… zerikarli.

Android O’ga kiritilgan yangiliklardan biri – «Kartinka ichida kartinka» rejimini qo‘llab-quvvatlashidir

Evolyusiya har ikkala mobil operatsion tizimga shon-shuhrat keltirdi va ularni boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ydi.  Foydalanuvchilar «temir+soft» birlashmasi taklif etishi mumkin bo‘lgan hamma narsaga allaqachon o‘z qurilmalarida ega bo‘lib bo‘lishgan. Shu bois ham ularni mobil operatsion tizimlarning navbatdagi yangilanishlari aytarli qiziqtirmay qo‘ygan. Har holda, navbatdagi inqilobiy texnologiyagacha shunday bo‘ladi.

Hozircha esa foydalanuvchi uchun qaysi tizimni tanlashning aytarli farqi yo‘q. Agarda brendga sodiqlik omilini inobatga olmasak, toki bitta platformada xarid qilingan dasturlarni ikkinchi platformaga ko‘chirib o‘tkazish imkoni tug‘ilmagunicha, foydalanuvchilarning asosiy operatsion tizimni tanlashlarida u yoki bu ilovalar do‘konida sotib olingan dasturlar asosiy o‘rin turaveradi.

Xulosa

Xullasi kalom, iOS va Android orasidagi olishuvda… do‘stlik g‘alaba qozondi. Mobil softning bu ikki giganti besh yillik o‘zaro raqobatdan charchashgan, endi ular o‘zaro yelkadosh bo‘lib, olg‘a intilishlari mumkin. Foydalanuvchilarning soni juda katta bo‘lishiga qaramasdan, inqilobiy o‘zgarishlar davri o‘tdi.

Ehtimol, shuni anglab yetgani uchundir, Google endi juda qiziqarli, ammo juda-juda sirli Fuchsia loyihasi ustida ishlashga zo‘r bermoqda. Kelajakda bu loyiha birato‘la Android va Chrome OS’larning o‘rnini bosib, tom ma’nodagi universal birinchi operatsion tizimga aylanishi kutilmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!