iPad Air 3: mukammallik sari yana bir qadam

iPad Air 3: mukammallik sari yana bir qadam

iPad Air qurilmasining yangi talqini to‘g‘risidagi gap-so‘zlar deyarli bir yarim yildan buyon quloqqa chalinadi. Nihoyat, taqdimotga oz qolgan ko‘rinadi. Tarmoqlarda qurilmaning ilk suratlari ko‘rina boshladi. Bu gadjetni intizorlik bilan 2015 yilda kutgan edik. Ammo uning o‘rniga kompaniyaning iPad Pro va iPad Mini 4 aloqa vositalari taqdim qilindi.

Apple iPad Air 3 planshetini mart oyida,  iPhone 5SE mobil aloqa vositasi bilan birga, va  iPhone 7 telefonidan avval taqdim qilmoqchi. Bu to‘g‘rida Xitoyning MyDrivers texnika blogi xabar tarqatgan.

MyDrivers blogining yozishicha, planshet 9.7 dyuymli ekran, tasvirni 4K  texnologiyasida ko‘rish mumkin bo‘lgan 2,334 x 3,112 sig‘imli displeyga ega bo‘ladi. iPad Air 2 gadjetida piksellar sig‘imi 1,536 x 2,048 ekanligini inobatga olsak, kompaniya uchun bu juda katta sakrash bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, iPad Air 3 stereo ovozga ega bo‘ladi va uning pastki va yuqori tom qismida ikkitadan, jami to‘rtta karnay mavjud. Gadjet ko‘rinishidan 2015 yilning 9 sentyabrida namoyish qilingan, ilk boy audio dizaynga ega  iPad Pro planshetiga o‘xshab ketadi. Bu to‘g‘rida Nowhereelse fransuz blogi xabar tarqatgan.

Keng chastota diapazoniga ega dinamikalar film va telekanallarni tomosha qilish, musiqa tinglashni xush ko‘rganlar uchun ayni muddao.

Esingizda bo‘lsa, 2014 yilning 16 oktyabrida taqdim qilingan iPad Air 2 planshetida faqatgina quyi qismida ikkita karnayga ega bo‘lgan.

iPad Air 3 orqasida 8 iPad Air 2’niki kabi, 8MP, oldida esa 2.1MP kamera bo‘ladi. Shuningdek, bu yo‘nalishdagi yangilik – LED texnologiyasidagi fotochaqnoq qorong‘ida ham yaxshi tasvirga olish imkonini beradi.  Yana boshqa manbaalarda asosiy kameraning 13MPgacha bo‘lishi taxmin qilingan.

Tasdiqlanmagan manbaaning xabar berishicha, planshetlarning yangi vakili keng funksiyalarga ega bo‘lishi kutilayotgan iOS 10 mobil operatsion tizimi bilan ta’minlanadi. Siri virtual yordamchi hamda Apple Maps xarita tizimi bilan ko‘pchilik ayfon muxlislarini xursand qilgan iOS 9 tizimidan keyin iOS 10’dan yanada ko‘prog‘ini kutishimiz tabiiy.

Qurilma Apple A9 — ikki yadroli, 64 bitli, ARMv8 arxitekturasiga asoslangan  ARM-mikroprotsessoriga ega bo‘lishi mumkin. Bu esa gadjetning tezkor faoliyatini ta’minlaydi.

Tezkor xotira masalasida iPad Pro’ning 4GB xotiraga egaligi, planshet sanoatida kompaniya nufuzini ko‘tarish maqsadida taqdim qilingan Pro seriyasidagi qurilmalarning tezkor xotirasi 4 yoki 3 GBdan kam bo‘lmasligini kafolatlashi mumkin. Shuningdek, mobil qurilma kamida 32GB qo‘shimcha xotiraga ega bo‘ladi.

U o‘zining 5 mm yupqaligi bilan ham hayratlanarli. Shundoq ham bu jihatdan 6.1 mm qalinlikdagi  iPad Air 2 hammani hayratga solgan edi. Qurilmada suv va chang ta’siriga bardoshlilik texnologiyasi qo‘llaniladi. Agar bu to‘g‘ri bo‘lsa, u Xalqaro Elektrotexnika kommissiyasining reytingida kompaniyaning Apple Watch’dan so‘ng yuqori o‘rin oluvchi ikkinchi qurilmasiga aylanadi.

Biroq, quvvat toshi, ya’ni akkumulyator masalasida  iPad Air 3 foydalanuvchilarni xafa qilish mumkin. Boisi uning akkumulyatori iPad Air 2’niki kabi 7,340 mAs sig‘imiga ega bo‘lishi kutilmoqda. Bu esa undan 10 soat mobaynida foydalanish imkonini beradi.

Gadjetda Apple Watch va iPhone 6S qurilmalarida tatbiq qilingan 3D Touch texnologiyasini ham ko‘rish mumkinligi aytilmoqda.

Ammo, Apple mahsulotlarining sharhlovchisi bo‘lgan Apple Insider nashrining yozishicha, KGI Securities onlayn savdo konsalting xizmati tahlilchisi Ming Chi Kuo ushbu texnologiyani yetkazib berish bilan bog‘liq muammolar sabab iPad Air 3’da 3D Touch texnologiyasining qo‘llanmasligini aytgan.

Foydalanuvchilar iPad Air 3’da Apple’ning barmoq izlari skaneri texnologiyasi – Touch ID’ning tatbiq qilinishi zarurligi yuzasidan takliflar bildirishgan.

Bungacha kompaniya Air seriyasidagi 2013 yilning noyabr oyida iPad Air’ni, 2014 yilning oktyabr oyida iPad Air 2’ni taqdim qilgan edi. Ammo bu qurilmalardagi xotira, operatsion tizim va dasturlardagi kamchilik tufayli ular  foydalanuvchilarning katta qiziqishiga sabab bo‘lmadi, bozorda kutilganidek ommalashmadi. Apple kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi to‘rt chorakda iPad qurilmalari savdosi 19%ga kamaygan. Ayni kunlarda planshet bozorida Apple’ning Sony Xperia Z4 Tablet, Samsung Galaxy Tab S2 va Google Pixel C kabi Android raqobatchilari yetakchilikka da’vo qilishmoqda.

Hozircha iPad Air 3’ning 560-600 AQSh dollaridan sotilishi kutilmoqda. 64GB qo‘shimcha xotiraga ega iPad Air 2 gadjeti Amazon internet do‘konida yetkazib berish xarajatlari bilan birga  519.90 AQSh dollaridan sotilmoqda.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!