iPhone 10 yoshda: eng muvaffaqiyatli va eng omadsiz model

iPhone 10 yoshda: eng muvaffaqiyatli va eng omadsiz model

Bilasiz, ilk ayfon 2007 yilning 29 iyunida sotuvga chiqarilgan. Bir pasda bunga ham 10 yil bo‘libdi. Apple korporatsiyasining qimmatbaho mahsulotlari orasida o‘z vaqtida ham, hozir ham barcha uchun sevimli bo‘lgan iPhone modellari bor. Ularni Wall Street'dagi investorlardan tortib, oddiy odamlar ham faxr-iftixor bilan tutishadi.

Tahlilchilar va iqtisodchilar uchun smartfonlarning dizayni yoki uning platforma imkoniyatlari ahamiyatli emas. O‘tgan 10 yil davomida qaysi iPhone "olma" kompaniyasiga chinakam muvaffaqiyat keltirganini iqtisodchi tahlilchilar o‘rganib chiqishdi. Bunda eng ko‘p sotilganlik bilan birga, korporatsiya qimmatli qog‘ozlarining narxini ko‘tarib yuborgan ayfon modeliga alohida e’tibor qaratildi.


Bugungacha taqdim qilingan 7 ta ayfon avlodi hamda bir qancha modellari orasida 2011 yilning 4 oktyabrida namoyish qilingan  iPhone 4s Apple smartfonlari muxlislari uchun ham, kompaniya investorlari uchun ham eng qadrlisi bo‘lgan ekan. «Let’s Talk iPhone», ya’ni "keling, ayfonda gaplashaylik" shiori ostida o‘tgan taqdimot ilk marotaba Stiv Jobs ishtirokisiz o‘tdi. Stiv o‘sha kuni kasalxonada umrining so‘nggi lahzalarini yashayotgan edi.

iPhone 4s'da, birinchidan, shu vaqtga qadar ko‘pchilikni qiynab kelgan antenna muammosi bartaraf qilingan. Ikkinchidan, «S» — Siri ovozli yordamchisi ilk marotaba joriy qilingan edi. Shu bilan birga, smartfonda 2 yadroli, chastota tezligi 1 GGs bo‘lgan Apple mikroprotsessori o‘rnatilgan. Qolaversa, 8 megapikselli bosh kamera  Full HD-video suratga olar edi. Operativ xotiraning 512 MB.ga yetgani, Bluetooth versii 4.0 texnologiyasi ko‘pchilik uchun katta yangilik bo‘lgan.

Natijada, iPhone 4s yaxshi sotilib, Apple aksiyalari bahosi qimmatlashib boradi. Jumladan, iPhone 4s taqdimotidan keyin yarim yil o‘tib kompaniya qimmatli qog‘ozlarining narxi 28% ga oshadi. Bir yil ichida kompaniyaning daromadi 69% ga ko‘tariladi.

Shunday bo‘lsa ham, Apple reytingida aksiya baholarini oshirishda iPhone 4s 2-o‘rinda turibdi. Birinchi o‘rin 2007 yilda taqdim qilingan ilk ayfonga nasib qilgan. Ilk ayfon taqdimotidan 1 yil o‘tib korporatsiya aksiyalarining bahosi 119% ga qimmatlashgan. Bu o‘sha davr uchun eng yaxshi natija edi.


Apple uchun eng omadsiz kelgan ayfon ham bor. Bu -- 2012 yilda taqdim qilingan iPhone 5. Garchi, bu avlod ayfonlari o‘ta yupqa korpusli va yengil dizaynda ishlab chiqarilgan, "ajdodi" kabi 3.5 emas, 4 dyuymli ekranga ega bo‘lgan bo‘lsa ham, kompaniya kutilganidek foyda ko‘rmadi. Taqdimotdan 6 oy o‘tib, Apple aksiyalari bor-yo‘g‘i 11 foizga qimmatlashgan edi.

Garchi, tezkor xotira 2 barobarga oshib, 1 GB ga yetgan bo‘lsa-da,  iPhone 5 modeli ham uncha katta foyda keltirmadi. Natijada, keyingi yarim yillikda Apple qimmatli qog‘ozlari 43%, bir yil orasida esa 36% ga arzonlashdi.

Bu model omadsizligining sabablari displeyning oson tirnalishi, olingan suratlardagi binafsha rang tuslar, alyuminiy korpusning tez oqarishi, akkumulyator quvvatining tezda tugab qolishi bilan bog‘liq.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.