iPhone 11 – bu yilgi eng arzon ayfonni qarshi olamiz! (+video)

  •   DiMaX
  •  3519
  •  11.09.2019 15:44

iPhone 11 – bu yilgi eng arzon ayfonni qarshi olamiz! (+video)

10 sentyabr kuni Apple o‘tkazgan anjumanida ko‘pchilik tomonidan eng kutilgan mahsulotlar, tabiiyki, korporatsiyasining smartfonlari bo‘ldi. Ularning eng arzoni esa iPhone 11 deb nomlandi.

O‘QING: Apple yangi iPad va yangilangan iPadOS’ni taqdim etdi

O‘tgan yilgi eng arzon ayfon – iPhone XR (sotib olish) modelining davomchisi bo‘lgan ushbu smartfonning undan asosiy farqi – qo‘shaloq kamerasi ekan. Uning yordamida gadjet keng va o‘ta keng burchak ostida suratlar ola biladi. O‘ta keng burchakli linza bilan hamkorlikdagi yangi interfeys hatto kadrdan tashqarini ham «ko‘ra» oladi.

iPhone 11 bosh kamerasining har ikkala moduli ham 12 megapiksellik, ulardan keng burchakli ob’yektivga ega bo‘lgani Focus Pixels texnologiyasiga ega – yaxshi yoritilmagan sharoitlarda ham tezda fokusni to‘g‘rilay oladi. Keng burchakli kamera aperturasi F/1.8 bo‘lsa, o‘ta keng burchaklisida bu ko‘rsatkich F/2.4 birlikka teng. Ushbu ayfon 4K formatida, soniyasiga 60 kadr chastotasi bilan video tasvirga olishga qodir.

Shuningdek, bu yilgi eng arzon ayfon kamerasida «tungi rejim» ham mavjud: u yorug‘lik yetarli bo‘lmagan hollarda avtomatik tarzda faollashadi. Bu rejimga o‘tilganida keng burchakli kamera matritsasi maxsus dasturiy ta’minot hamda A13 Bionic protsessori bilan hamkorlikda ishlaydi.

iPhone 11 kamerasining ishlashi yanada takomillashtirilgan: rasmga olish tugmachasi bosilganida, kamera ketma-ket bir nechta suratlar oladi, optik barqarorlashtirish funksiyasi esa titrashlarni bartaraf etadi. Keyin dasturiy algoritmlar olingan rasmlarni o‘zaro birlashtiradi – o‘ta chaplanib ketgan joylar olib tashlanadi va qolganlari bitta surat qilib jamlanadi. Shundan keyin tasvirning kontrasti to‘g‘rilanib, tabiiy ko‘rinishi uchun ranglar sozlanadi.

Kameraning portret rejimiga esa yoritishning qo‘shimcha variantlari qo‘shilgan, qo‘shaloq kamera sharofati bilan u nafaqat insonlar, balki endi uy hayvonlari bilan ham ishlay oladi. Yangilangan Smart HDR texnologiyasi mashinaviy ta’lim yordamida yaxshilangan – u endi kishilarni tanish qobiliyatiga ega.

Selfi-kamera 12 megapiksellik aniqlikdagi TrueDepth ob’yektivga ega. Unda yuzni tanib smartfonni qulfdan chiqarish jarayoni tezlashtirilgan. Shuningdek, sekinlashtirilgan rejimda selfi olishni o‘rgangan, Apple buni «sloufi» deb nomlamoqda.

iPhone 11 turkumidagi uchala smartfon ham IP68 standartiga ko‘ra chang va namdan himoyalangan. Ular 2 metrgacha suv ostida ham 30 daqiqagacha «jon saqlay» oladi.

Bulardan tashqari, bu yilgi ayfonlarning barchasiga kupertinolik korporatsiyaning mobil qurilmalari orasidagi eng tezkor – Apple A13 Bionic protsessori o‘rnatilgan.

Nisbatan hamyonbop bo‘lgan iPhone 11 ekranining o‘lchami iPhone XR’niki bilan bir xil – 6,1 dyuym. Bu – IPS texnologiyasidagi, True Tone’ni qo‘llab-quvvatlovchi Liquid Retina HD displeydir.

iPhone 11 akkumulyatori tezkor zaryadlash funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi va, Apple ta’kidlashicha, 18 vattlik quvvatlash adapterini (alohida sotiladi) qo‘llaganda u 30 daqiqada 50 foizgacha zaryad oladi.

Quyida yangi ayfonga bag‘ishlab tayyorlangan rasmiy videorolikni tomosha qilamiz:

Eng muhimi – narxi masalasiga kelsak, iPhone 11 modeli ichki xotira hajmiga ko‘ra quyidagicha baholangan: 64 gigabaytligi – 699 dollar, 128 GBligi – 749 dollar, 256 gigabaytligi esa – 849 dollar. Apple ushbu smartfonini 6 xil rangdagi – oq, qora, yashil, sariq, binafsharang hamda qizil korpuslarda ishlab chiqarmoqda.

iPhone 11 uchun oldindan buyurtma berish 18 sentyabrdan boshlanadi, ochiq savdoga esa uni 20 sentyabrdan chiqarishadi. Terashop.uz internet-do‘konimizda esa oldingi rusumlardagi iPhone’larni 5 650 000 so‘mdan boshlangan narxlarda sotib olish mumkin.

O‘QING: Odamlar yangi iPhone olishni istashmayapti