iPhone 14 old kamerasi yangilanadi

iPhone 14 old kamerasi yangilanadi

Apple shu yilning sentabr oyida o'zining navbatdagi iPhone 14 smartfonini chiqarishga tayyorlanmoqda va taqdim qilinish sanasi yaqinlashar ekan, yangi avlod ayfoni haqida yangidan-yangi ma'lumotlar tarqalmoqda. iPhone 14 smartfonlari 48 megapikselli orqa kameralar bilan chiqarilishi haqida bir necha marotaba mish-mishlar tarqaldi. Endilikda smartfonning old kamerasi ham ikki yildan keyin vanihoyat sezilarli darajadagi yangilanishlarni qabul qiladiganga o'xshaydi.

Taniqli Apple tahlilchisi Ming-Chi Kuoning so'zlariga ko'ra, barcha iPhone 14 modellari - iPhone 14, iPhone 14 Max, iPhone 14 Pro, va iPhone 14 Pro Max yangilangan old kamera bilan ta'minlanadilar. Garchi hozircha old kamera sensori necha megapiksel bo'lishi aytilmagan bo'lsada, tahlilchi uning avtofokus va f/1.9 diafragma qo'llab-quvvatlanishini ma'lum qilmoqda.

Taqqoslash uchun, bugungi kundagi iPhone 13 ning barcha modellari f/2.2 diafragma va belgilangan fokus xususiyatiga ega old kameraga ega.

Kengroq diafragma bilan smartfonlar ko'proq yorug'lik bilan suratlar olish imkoniyatiga ega bo'ladi. Shuningdek, kameraning yangilanishi Portret va Kino rejimidagi fotosuratlar va videolar uchun maydon chuqurligi effektini yaxshilashi aytilmoqda. Shu bilan birga, old kamerada avtofokusning qo'llab-quvvatlanishi FaceTime qo'ng'iroqlari yoki uchinchi tomon ilovalari yordamida video qo'ng'iroqlar paytida fokusni kuchaytiradi.

Bundan oldin iPhone 14 Pro modellari tabletka va yumaloq shaklidagi yangicha dizaynda bo'lishi haqida bir necha marotaba xabarlar berilgan edi.

O‘QING: iPhone 14 liniyasi jonli suratlarda