iPhone 14 Pro tirqish dizayni yana bir Android smartfonga ko‘chirilmoqda

iPhone 14 Pro tirqish dizayni yana bir Android smartfonga ko‘chirilmoqda

Joriy yilning sentabr oyida Apple o‘zining iPhone 14 Pro smartfonlarini old tomonida tabletka shaklidagi "jonli" tirqish bilan taqdim qildi. Xitoylik Android smartfon ishlab chiqaruvchilari esa kupertinolik kompaniya bilan tenglashish uchun uning dinamik orol nomli tirqish dizaynini o‘zlarining yangi smartfonlariga joriy etishni boshlashdi: Xiaomi o‘zining Civi 2 smartfoni bilan boshlab bergan bo‘lsa, navbat Honor'ga kelgan.

Honor 23 noyabr kuni o‘zining yangi buklamafoni, Magic UI 7.0 versiyasini va endilikda ma’lum bo‘lishicha, Honor 80 seriyasidagi smartfonlarini ham taqdim qilishi kutilmoqda. Tarqatib yuborilgan tizer posterlarga qaraganda yangi smartfon egilgan yon tomonlar va ikkilik selfi kameralar uchun uzunchoq tirqishga ega bo‘ladi. Orqa kameralar oroli dizayni esa Honor 70 smartfonlarini eslatib yuboradi. Bunda yangisi avvalgisidan 8 raqami shaklidagi chegaralari bilan farq qiladi.

Uzoq quloq gaplariga qaraganda, Honor 80 seriyasi uchta modeli: Honor 80, Honor 80 Pro va Honor 80 Pro+ modellarini o‘z ichiga oladi. Boshlang‘ich model MediaTek Dimensity 1080 chipi bilan 64MP kamera, Pro model esa Qualcomm Snapdragon 778G chipi va 108MP asosiy orqa kameraga ega bo‘lishi mumkin. Pro+ model esa Snapdragon 8+ Gen 1 va 200MP kamera bilan jihozlanishi tahmin qilinmoqda.

O‘QING: Honor kompaniyasi ikkita yangi smartfonni taqdim etdi