iPhone 14 puliga bitta Watch Ultra!

iPhone 14 puliga bitta Watch Ultra!

Apple kechagi tadbirni yangi Watch 8, Watch SE hamda Watch Ultra smart soatlarini taqdim etishdan boshladi. 

Apple Watch Ultra

Birinchi taqdimotda ko‘p vaqtni olgan Apple Watch Ultra'dan boshlaymiz. Ushbu smart soatning hajmi taqdimotdagi boshqa modellardan ancha katta. Apple uchun bu yangi smart soat kategoriya hisoblanadi. Xo‘sh, u qanday xususiyatlarga ega? 

Old tomondan Watch Ultra modeli qolgan Apple smart soatlaridan ajralib turadi. Qurilma 49 mm kattalikdagi korpusga ega bo‘lib, unga Apple smart soatlari ichida eng katta va eng yorqin displey o‘rnatilgan. 

Korpus titandan ishlangan, ekran ustiga esa uni himoya qilish maqsadida sapfir kristal qoplama o‘rnatilgan. Apple'ning aytishicha, displey yorqinlik darajasi 2000 nitga yetishi mumkin. Albatta, bu aql bovar qilmas ko‘rsatkich. 

Soatning chap tomonida favqulodda vaziyatlar uchun 86 desibelli sirena ovozni chiqaruvchi qo‘shimcha dinamik joylashgan, shuningdek, u yerdan yuqori kontrastli to‘q sariq rangga bo‘yalgan yangi Action tugmasi o‘rin olgan. Ushbu tugma mashqlar, kompas yo‘nalish nuqtalari yoki ortga yo‘lni (kelgan yo‘ldan qaytib ketish) bir zumda ochish uchun moslashtirilishi mumkin.

Uy hamda g‘ildiraksimon tugma o‘ng tomonda joylashgan. Smart soatda uchta mikrofon mavjud, bu esa shamolli ob-havoda ham ovoz sifatini yaxshi yetkazib berishga xizmat qiladi. 

Qolgan ikki smart soatdan kattaroq bo‘lganligi uchun Watch Ultra yaxshiroq akkumulyator avtonomligiga ega. Agar always on display, avtomatik jismoniy harakatlarni yozib olish hamda yurak urishini doimiy aniqlab turadigan funksiyalar yoniq bo‘lsa, uning quvvati 36 soatga, Ultra past quvvat rejimi yoqilganda esa 60 soatga yetadi. 

Chidamlilik jihatidan soat -20° C yoki 55° C daraja sovuq yoki issiqda ishlay oladi. MiL-STD-810H standartiga ega ushbu smart soat past bosim, yuqori harorat, past harorat, yomg‘ir, namlik, suvga sho‘ng‘ish, qum va chang, muzlash/erish, zarba va tebranishlarga chidamli ekanligi aytimoqda.

Shuningdek, Watch Ultra'dan kayserfing va veykbording kabi suv sportlari uchun ham foydalanish mumkin. U WR100 va EN 13319 sertifikatiga ega, ya’ni bu suvga sho‘ng‘ish aksessuarlari uchun tan olingan standart.

Qurilmada chuqurlikni o‘lchovchi funksiya bo‘lib, u Chuqurlik ilovasi bilan birgalikda vaqt, chuqurlik, suv harorati, suv ostidagi vaqt va maksimal chuqurlikni ko‘rsatadi. Apple Watch Ultra'ning uch xil: Trail Loop, Alpine Loop va Ocean Band tasmalari bo‘ladi. Ularning barchasi GPS va uyali aloqani qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilmaga oldindan buyurtma berish kechadan boshlangan. 23 sentyabr sanasidan smart soatlar o‘z egalariga jo‘natila boshlaydi. Narxi 799 dollar. 

Apple Watch Series 8

Tashqi ko‘rinishidan yangi model o‘tgan yilgi Watch Series 7 modeliga o‘xshaydi. Biroq Watch Series 8'ga yangi S8 chipi o‘rnatilgan. Shuningdek, gadjetga harorat sensori, halokatni aniqlash datchiklari hamda yangi Ultra past quvvat rejimi qo‘shilgan. 

Harorat sensori har besh soniyada tanadagi haroratni o‘lchaydi. Bunda ikkita sensor yordamga keladi: biri soatning tagida, ya’ni u inson terisiga tegib turadi, ikkinchisi esa dispey ostida joylashgan. Bu bilan sensorlar tanadagi 0.1° C o‘zgarishni ham aniqlay oladi. 

Halokatni aniqlash funksiyasi uch o‘qli giroskopik sensor va yangi yuqori G-kuchli akselerometr orqali ishlaydi. Yangi sensor namunalari eski akselerometrga qaraganda 4 barobar tezroq ishlaydi va old yoki yon zarba, orqa tomondan to‘qnashuv yoki ag‘darilishni ajrata oladi. Halokatni aniqlangandan so‘ng, Watch Series 8 avtomatik ravishda favqulodda xizmatlarga va kontaktlarga xabar beradi.

Always on display, harakatni avtomatik kuzatish va halokatni aniqlash funksiyasi yoniq bo‘lsa, smart soatning quvvati 18 soatgacha yetadi, past quvvat rejimida avtonomlik vaqti 36 soatgacha oshadi. 

Apple Watch 8 modeli Lunar, Astronomy, Metropolitan va Modular ranglarda taqdim etildi. Korpus 100% qayta ishlangan alyuminiydan yasalgan. Shuningdek, gadjetning uch xil po‘latdan ishlangan turlari ham bor. Buyurtma berish kechadan boshlangan, 16 sentyabrdan yetkazib berish boshlanadi. Faqat GPS tizimiga ega modelning narxi 399 dollar, GPS hamda uyali aloqaga ega modelining narxi esa 499 dollarni tashkil qiladi. 

Apple Watch SE 

Yangi avlod Apple Watch SE haroratni aniqlash sensoriga ega emas, ammo Series 8 hamda Watch Ultra kabi unda halokatni aniqlash funksiyasi mavjud. Ushbu soatning korpusi ham 100 qayta ishlangan alyuminiydan yasalgan. Uning narxi 299 dollardan boshlanadi. 

O‘QING: Qualcomm ikkita yangi Snapdragon chipini taqdim etdi