iPhone 14 qatori ko'proq operativ xotiraga ega bo'ladi

iPhone 14 qatori ko'proq operativ xotiraga ega bo'ladi

Apple ko'pincha o'z smartfonlarini xuddi Android ishlab chiqaruvchilaridek ko'proq operativ xotira bilan ta'minlamagani uchun tanqid qilinadi. Albatta, kupertinolik kompaniya o'z iPhone'larini unchalik ko'p RAM bilan chiqarmaydi, lekin ular Android smartfonlarichalik xotiraga chanqoq emasligi va mobil qurilmaning ishlashiga kelganda iPhone'lar uncha-muncha ko'p xotirali Android smartfonlardan ko'ra "silliqroq" ishlashi barchaga ma'lum. Shunga qaramay, Apple o'zining bu yilgi iPhone 14 qatoridagi smartfonlari uchun ko'proq operativ xotira joriy qilishi mumkin.

Tayvanlik TrendForce kompaniyasining ma'lum qilishicha, sentabrda chiqarilishi kutilayotgan iPhone 14 smartfonlarining barcha modellari 6GB operativ xotiraga ega bo'ladi. Bunda iPhone 14 va iPhone 14 Max uchun LPDDR4X xotirasidan foydalanilsa, Pro modellar biroz tezroq ishlaydigan LPDDR5 xotira turi bilan ta'minlanishi aytilmoqda. Taqqoslash uchun o'tgan yilgi oddiy iPhone 13 mini va iPhone 13 modellari 4 GB, iPhone 13 Pro va Pro Max modellari esa 6 GB RAM bilan LPDDR4X xotira turida chiqarilgan.

Shuningdek, TrendForce ulashgan jadvalga ko'ra, iPhone 14 va 14 Max modellari Apple'ning A15, iPhone 14 Pro va iPhone 14 Pro Max esa A16 chipsetlariga ega bo'ladi. Smartfonlarning doimiy xotira hajmi esa standart modellarda 128/256/512 GB'gacha bo'lsa, Pro modellarda 256/512 GB va 1 TB'gacha bo'ladi.

Kameralar haqida gapiradigan bo'lsa, barcha modellar uchun 12 MP selfi kamera qo'llanishi ma'lum qilinmoqda. iPhone 14 modellari 12 MP ikkilik, iPhone 14 Pro modellari esa ikkita 12 MP va bitta 48 MP orqa kamera sensorlari bilan chiqariladi.

Tashqi tomonda oddiy modellar alyuminiy ramka bilan qoplansa, Pro modellarda bu po'latdan qilingan bo'ladi.

6.1 va 6.7 dyuymli to'rt xil modellarda chiqariladigan iPhone 14 smartfonlarini Apple sentabrda taqdim qilishi kutilmoqda.

O'QING: Snapdragon 8+ Gen 1 chipi bilan chiqariladigan ilk smartfon

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!