iPhone 14 qatoridagi modellarning biri biroz kechikib chiqarilishi mumkin

iPhone 14 qatoridagi modellarning biri biroz kechikib chiqarilishi mumkin

Apple o'zining bu yilgi yangi avlod flagmanlarini kuzda, aniqrog'i esa, 13-sentabrda taqdim qilishni rejalashtirmoqda. Biroq, so'nggi yangiliklarga ko'ra, iPhone 14 deb nomlanadigan smartfonlar qatoridagi bir model, iPhone 14 Max kutilganidan biroz kechikibroq chiqarilishi mumkin.

Nikkei Asia nashrining xabar berishicha, Apple smartfonlari yig'iladigan Xitoyning Shanxay shahri Covid holatlari ko'payishi tufayli mart oyi oxiridan boshlab bir oylarcha lokdaunga tushishi bo'lajak iPhone 14 ishlab chiqarilishining rejadan ortda qolishiga sabab bo'lgan. Garchi karantin qoidalari hozirda biroz yumshatilgan va Apple ishlab chiqaruvchilarga yo'qotilgan vaqtni qoplash uchun ishni tezlashtirish haqida ko'rsatma bergan bo'lsa-da, mahsulot uchun ta'minot zanjiri uzilishda davom etmoqda. O'tgan haftada esa, Shanxay lokdauni Apple'ning aprel-iyun oyidagi daromadiga sezilarli darajada ta'sir qilishi, xususan, kompaniya 8 milliard dollar yo'qotishi mumkinligi xabar qilingan edi.

Apple bu yili faqat to'rtta modeldagi iPhone chiqarishi kutilmoqda. Ular ikkita 6.1 dyuymli va ikkita 6.7 dyuymli modellar bo'lib, shartli ravishda iPhone 14, iPhone 14 Pro va iPhone 14 Max va iPhone 14 Pro Max deb nomlanadi. Ma'lumotlarga ko'ra, to'rttala modellar hozirda muhandislik tekshiruvi jarayonida. Ushbu bosqichda smartfon uchun ommaviy ishlab chiqarish boshlanishidan oldin uning barcha qismlari yig'iladi. Tahlilchi Jeff Pu so'zlariga ko'ra, Shanxay lokdauni sabab iPhone 14 Max ana shunday muhandislik tekshiruvida uch haftaga kechga qolgan va endilikda uning chiqarilishi kutilganidan biroz kechroq bo'lishi mumkin.

Bu Apple'ning smartfonlari chiqarilishining birinchi marta kechikishi emas. Xuddi shunday xodisa 2020-yilgi iPhone 12 qatori uchun ham ro'y bergan edi. O'shanda kompaniya o'z mahsulotini bir oy kechikib, oktabr oyida chiqargan edi.

O'QING: Apple Watch 8 renderlari tarqatildi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.