iPhone 15 Pro ilk renderlari tarqatildi!

iPhone 15 Pro ilk renderlari tarqatildi!

Apple o‘zining iPhone 14 seriyasidagi smartfonlarini taqdim qilganiga ham yarim yil bo‘lyapti va navbatdagi iPhone chiqarilishiga ham shuncha yil bor. Biz allaqachon iPhone 15 smartfonlarida bo‘ladigan ba’zi dizayn o‘zgarishlari haqida eshitdik, lekin ming marta eshitgandan bir marta ko‘rgan yaxshi.

9To5Mac nashri iPhone 15 seriyasidagi Pro modelning CAD renderlarini ulashdi. Ma’lum bo‘lishicha, ular ishonchli keys ishlab chiqaruvchisi va 3D dizayner, Ian Zelbo tomonidan tayyorlangan bo‘lib, ularda biz bo‘lajak Apple flagmani dizaynidagi o‘zgarishlarni ko‘rishimiz mumkin.

Ma’lumot uchun: CAD renderlari smartfon rasman taqdim qilinganida u uchun himoya keyslari (g‘iloflar) tayyor bo‘lishi uchun Apple tomonidan Osiyodagi zavodlarga oldindan beriladi. Odatda CAD renderlari qurilmaning yakuniy o‘lchamlari va dizayni bilan bir xil bo‘ladi, chunki agar ular noto‘g‘ri bo‘lsa, keys ishlab chiqaruvchi kompaniya katta zarar ko‘radi.

Dizayn borasidagi eng katta o‘zgarishlardan biri bu smartfon chetlarining biroz egilgani bo‘lib, bunda telefonni qo‘lda ushlab turish yanada qulayroq bo‘ladi.

Katta ehtimol bilan iPhone 15 Pro yanada yaxshilangan kamera tizimi yoxud kattaroq sensorlarga ega bo‘ladi, balki shu sabab ham orqa kamera qalinligi sezilarli darajada qalinlashgan. Kamera borasida boshqa o‘zgarishlar yo‘q – uchlik kamera, LiDAR sensori va LED chiroq har doimgidek to‘rtburchak orol ichida joylashgan.

Shuningdek, renderlarda smartfonning tugmalari yo‘qligini ko‘rasiz. Aslida ular o‘z joyida, shunchaki ular endi bosiladigan jismoniy emas, balki bosimni sezadigan "haptik" tugmalarga alishtirilgan.

Garchi renderlar smartfon ekranining texnik xususiyatlari haqida ma’lumot bermasa ham, ulardan iPhone 15 Pro ekrani yanada ingichka ramkalarga ega bo‘lishi bilib olishimiz mumkin.

Bulardan tashqari, iPhone 15 Pro smartfonida bo‘ladigan eng katta o‘zgarishlarning yana biri bu smartfonning USB-C porti bilan jihozlanishi deyish mumkin. Bu Apple'ning 2012 yildan beri iPhone va boshqa qurilmalarida foydalanib kelayotgan Lightning portidan katta o‘tish hisoblanadi.

Ta’kidlash joizki, ushbu renderlar rasmiy emas va yakuniy dizayni bilan 100% mos kelmasligi mumkin, lekin ular bizga yangi iPhone'dan nimalarni kutishimiz mumkinligini haqida umumiy ma’lumot bera oladi.

O‘QING: iPhone 14 Pro Max tannarxi sotuvdagi narxning yarmidan ham kamligi ma’lum bo‘ldi 

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!