iPhone 15 Pro Max ekran ramkasi ingichkaligi bo'yicha yangi rekord o'rnatadi!

iPhone 15 Pro Max ekran ramkasi ingichkaligi bo'yicha yangi rekord o'rnatadi!

Smartfon ishlab chiqaruvchilari o'rtasidagi "poyga"larning yana biri ekran ramkasi qalinligi desak , ehtimol, adashmagan bo'lamiz. Har yili taniqli brendlar o'zlarining qurilmlari ekranini iloji boricha ingichka ramka bilan chiqarishga harakat qilishadi. Bu borada hozirgi "qirol" Xiaomi 13 flagmani bo'lib, uning pastki jag'i qalinligi 1.81 mm, qolgan tomonlari ramkasi esa 1.61 millimetrni tashkil qiladi. Biroq, ushbu rekord bu yil Apple'ning yangi avlod iPhone'lari bilan yangilanishi mumkin.

Taniqli insayder, Ice Universe, o'zining Twitter sahifasida iPhone 15 Pro Max (yoxud Ultra) smartfoni ekranidagi qora chegaralar qalinligi atigi 1.55 mm bo'lishini ma'lum qildi. Ta'kidlash joizki, bu hozirgi iPhone 14 Pro Max modelining 2.17 mm qalinlikdagi ekran ramkasidan ancha yaxshi yangilanishdir.

Ma'lumot uchun Galaxy S22 Ultra va Galaxy S23 Ultra smartfonlari ≈1.95 mm qalinlikdagi ekran ramkasiga ega.

Shuni ham aytish kerakki, Android smartfonlaridan farqli o'laroq, Apple'ning iPhone'lari ekran ramkasi har tomondan bir xil o'lchamda bo'ladi. Shunday ekan, yuqorida keltirilgan ma'lumot faqat ekran pastki jag'i yoki yon tomonlari uchun emas, balki barcha tomonlar uchun amal qiladi.

iPhone 15, 15 Pro va 15 Pro Max ekran panellari

Mish-mishlarga ko'ra, iPhone 15 seriyasidagi barcha modellarning old va orqa tomonlari chetlari birozgina egilgan bo'ladi. Shuningdek, nafaqat Pro, balki oddiy modellar ham dinamik orolga ega bo'lishi ancha avval ma'lum bo'lgan edi. Qurilmalarning ekran o'lchamlari o'tgan yilgi, ya'ni hozirgi iPhone 14 modellarinikidan farq qilmasligi aytilmoqda.