iPhone 15 smartfonlari portida muhim o'zgarish bo'ladi

iPhone 15 smartfonlari portida muhim o'zgarish bo'ladi

Hali iPhone 14 smartfonlari chiqarilganiga 1 oy ham bo'lmadi, ammo, internetda Apple'ning navbatdagi smartfonlari seriyasi haqida bir qancha mish-mishlar tarqalib ulgurdi. Yaqinda ta'minot zanjiri tahlilchisi, Ross Young dinamik orol barcha iPhone 15 modellari - oddiy va Pro modellar uchun standart bo'lishini, taniqli Apple tahlilchisi Mark Gurman esa iPhone 15 smartfonlari yangi nom sxemasi bilan chiqarilishini, yoxud "Pro Max" brendi "Ultra"ga alishtirilishini ma'lum qilgan edi. Shuningdek, Gurmanning qo'shimcha qilishicha, Yevropa Ittifoqining 2024-yil kuzigacha barcha telefonlarni faqat USB-C porti bilan chiqarish qonunidan keyin Apple o'zining yangi avlod iPhone'larini ushbu xususiyat bilan sinovdan o'tkazmoqda.

Hozircha qaysi modellar USB-C portiga ega bo'lishini aniq emas. Kompaniya USB-C portlarini faqat Pro modellar uchun eksklyuziv qilishi, oddiy modellarni esa Lightning bilan chiqarishi ham mumkin. 2024-yilga kelib esa hech qanday quvvatlash portlariga ega bo'lmagan iPhone'lar chiqarilishi ham mumkin. Hali iPhone 15 chiqarilishiga deyarli bir yil bor, shunday ekan kelayotgan oylarda batafsil ma'lumotlar bilan tanishishimiz mumkin bo'ladi.  

"Pro Max" ism qo'shimchasiga ega model ilk marta 2019-yilda, iPhone 11 seriyasi bilan taqdim qilingan edi. Aytish mumkinki, Ultra qo'shimchasi Apple qurilmalari uchun begona emas. Kompaniya yaqinda bu nom bilan o'zining Watch Ultra smartsoatlarini taqdim qilib ham ulgurdi. Qolaversa, kompaniyaning M1 chiplari ham Ultra modelga ega. 

Ta'kidlash joizki, yaqinda taqdim qilingan iPhone 14 smartfonlari ham yangi nom sxemasiga ega: iPhone 8 smartfonlaridan keyin voz kechilgan "Plus" nomi iPhone 14 Plus bilan qaytarildi. Agar mish-mishlar to'g'ri bo'ladigan bo'lsa, keyingi yilgi iPhone 15 smartfonlaridan Max nomi butunlay yo'qoladi. Kompaniyada Max nomi bilan AirPods Max qurilmasi bor. Apple o'z qurilmalari Max brendidan to'liq voz kechadimi, yo'qmi bu hozircha noma'lum.

O'QING: iOS 16 tizimida Telegram'dagi matnlar formatini qanday o‘zgartirish mumkin?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!