iPhone 6 Plus'ni yangi ayfonlardan biriga bepul almashtirish mumkin bo‘ldi

iPhone 6 Plus'ni yangi ayfonlardan biriga bepul almashtirish mumkin bo‘ldi

Apple kompaniyasi iPhone 6 Plus flagmanini yangi modellarga almashtirib berish dasturini e’lon qildi. Bu dasturning joriy qilinishi eski ayfonlarning akkumulyatorini almashtirish bilan yuzaga kelayotgan muammolar bilan bog‘liqligi aytilmoqda. Gap shundaki, hozirgi vaqtda kompaniya tomonidan avvalgi modellar uchun akkumulyatorlar ishlab chiqarilmayapti.

Shu munosabat bilan, Amerika Qo‘shma Shtatlarida iPhone 6 Plus foydalanuvchilari endi eskirib qolgan devayslarini yangi ayfon modellariga bepul almashtirishlari mumkin. Bu to‘g‘rida MacRumors nashri Apple tomonidan rasmiy xizmat ko‘rsatish markazlariga yuborilgan hujjatga asoslanib xabar tarqatmoqda.

Qayd etilishicha, foydalanuvchilar martga qadar eski gadjetlarini yangisiga almashtirishlari mumkin. Aytish joizki, eski ayfonlarida biror nosozlik kuzatilgan, jumladan "quvvat toshi" bilan bog‘liq kamchilik yuzaga kelgan taqdirdagina bu "aqlli telefon" yangi modelga almashtirib beriladi.

Eslatib o‘tamiz, bir muddat avval Apple kompaniyasining ataylabdan eski iPhone qurilmalarida samaradorligini pasaytirib qo‘yishi to‘g‘risidagi xabarlar katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan edi. Buni kompaniya tasdiqlagach, mazkur iqror Apple nufuziga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Kompaniya o‘z foydalanuvchilari orasidagi hurmatini tiklash uchun ham Amerikada hali ham ommabop bo‘lgan iPhone 6 Plus flagmanini takomillashgan modelga yangilab berishga qaror qilgan ko‘rinadi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!