iPhone 6'ning davri o‘tdi

iPhone 6'ning davri o‘tdi

Apple'da ajoyib an’ana mavjud. Kompaniya o‘zining sotuvga chiqarilmaganiga 5 yildan oshgan va 7 yildan kam bo‘lgan mahsulotlarini "vintaj"lar, yoxud ancha oldin ishlab chiqarilgan, klassik mahsulotlar qatoriga qo‘shadi. Va bir necha kun avval ularning qatori yana bittaga ko‘paydi - iPhone 6 ham endi "vintaj" smartfon (9toMac orqali).

Ha, ishonish qiyin, lekin iPhone 6 sotuvi to‘xtatilganiga ham 5 yildan oshdi. Qizig‘i shundaki, iPhone 6'ning "akasi", iPhone 6 Plus allaqachon vintajlar qatorida: Apple uni bu ro‘yxatga joriy yil fevralida qo‘shgan edi. Sababi kompaniya iPhone 6 modelini 2017-yil fevralida Osiyo, keyinchalik Yevropa, may oyida Amerika va iyulda Kanada bozori uchun o‘rta darajadagi byudjet smartfon sifatida qayta sotuvga chiqargan.

Kompaniya vintaj mahsulotlari uchun ham ular bu ro‘yxatga qo‘shilganlaridan keyin 2 yilgacha ehtiyot qismlar va ta’mirlash xizmatlarini taqdim qiladi.

iPhone 6 va iPhone 6 Plus smartfoni ilk marotaba 2014-yil sentyabrida iOS 8 bilan taqdim qilingan. Kompaniya iOS 12 dan keyin ularni dasturiy ta’minot yangilanishlari bilan ta’minlashni to‘xtagan, ammo, hali ham ularga xavfsizlik yangilashlarini yuborib turadi.

Smartfon kompaniyaning NFC xususiyatiga ega ilk smartfonlaridan biri bo‘lib, u 4.7 dyuymli Retina HD displey, 64 bitli A8 chipset, 1GB operativ va 16/32/64/128 GB doimiy xotira, 8 megapikselli orqa va 1.2 megapikselli old kamera, 1810 mA/s batareya va barmoq izini aniqlash sensori bilan jihozlangan edi. 

iPhone 6 va 6 Plus smartfonlari 2017-yil iyul oyidagi holatga ko‘ra dunyo bo‘ylab 222.4 milliondan ortiq sotilgan bo‘lib, ular kompaniyaning eng ko‘p sotilgan smartfonlari hisoblanadi.

O‘QING: Ortga nazar: iPhone 6 - Apple haligacha foydalanadigan dizayndagi smartfon