iPhone 7 savdosiga Galaxy S8 qanday ta’sir ko‘rsatdi?

  •   DiMaX
  •  1655
  •  11.07.2017 15:37

iPhone 7 savdosiga Galaxy S8 qanday ta’sir ko‘rsatdi?

Tabiiyki, smartfonlar borasida yetakchi va o‘zaro raqobatchi bo‘lgan ikki ishlab chiqaruvchi – Apple va Samsung. Ularning so‘nggi flagmanlari xaridorlar e’tiborini qozonish va bozorni egallash uchun zo‘r berib urinayotgani ham ma’lum.

Xabaringiz bor – iPhone 7’ning jahon bo‘ylab savdosi o‘tgan yilning sentyabr oyi o‘rtalarida boshlangan. Samsung esa undan besh oy o‘tib, o‘zining navbatdagi flagmanlari – Galaxy S8 va Galaxy S8+ modellarini taqdim qildi, ammo ularni savdoga 21 apreldan chiqardi. Xo‘sh, Janubiy Koreyalik raqobatchisining bozorga kirib kelishi Kupertinolik flagmanning savdosiga qanchalik ta’sir ko‘rsatgan, deb o‘ylaysiz?


Siz nima deb o‘ylashingizni bilmadik, ammo Canaccord Genuity konsalting firmasining tahlilchilari bu savolga «Hech qanday!» deb javob berishdi. Ularning hisob-kitoblari natijalariga ko‘ra, Galaxy S8 modelining chiqarilishi iPhone 7 savdosiga umuman ta’sir ko‘rsatmagan, deb yozadi Cult of Mac nashri. Samsung smartfonining ayrim afzalliklariga qaramasdan, iste’molchilar avvalgidek «Olma»ning flagmanini afzal bilishayotir. 

Canaccord Genuity konsalting firmasi tayyorlagan doklad materiallariga ishonadigan bo‘lsak, savdoga chiqarilganidan buyon 10 oy o‘tib ham iPhone 7 o‘z pozitsiyasini mahkam ushlab turibdi va bozorda eng xaridorgir modellardan biri hisoblanadi.

Xabarda aytilishicha, smartfonlar bozorida Apple’ning asosiy raqibi... uning o‘zi ekan! Chunki, biror modeldagi iPhone savdolarining sekinlashuviga jiddiy ta’sir ko‘rsatuvchi yagona omil – uning navbatdagi modeli chiqayotgani haqidagi xabarlardir. Bu ta’sir hali yangi model taqdim etilmasdan ancha oldin – navbatdagi flagmanning ehtimoliy xususiyatlari to‘g‘risida internetda gap-so‘zlar paydo bo‘lishi bilan boshlanadi. Hozir bozorda yetakchi bo‘lib turgan modelga mansub iPhone’dan xarid qilishga chog‘langan iste’molchilar, uning yangisi yanada kuchliroq chiqayotgani haqidagi xabarni internetdan o‘qigach, to o‘shanisi chiqqunicha shoshilmay turishga qaror qilishadi. J.P. Morgan tahlil kompaniyasi fikriga ko‘ra, agarda jurnalistlar shov-shuv ko‘tarib, keyingi iPhone modelining afzalliklari haqida jar solavermay turishganida edi, Apple Inc. bu smartfonlar savdosidan yanada kattaroq daromad olgan bo‘lardi.

Nima bo‘lganida ham, ayni damda Apple smartfonlar bozorida biror xavfli raqibga duch kelgani yo‘q. Na Galaxy S8’ning «nihoyasiz» displeyi, na OnePlus 5’ning 8 gigabaytlik tezkor xotirasi  iPhone 7’ning ommaviyligiga ta’sir ko‘rsata olmaydi. Hatto, bozor tahliliga ko‘ra, o‘tgan oyda uning savdolarida o‘sish kuzatilgan, deyiladi xabarda.

Ta’kidlash kerakki, yuqoridagi fikrlarning barchasi dunyo bozoriga aloqador. Xo‘sh, sizningcha, O‘zbekiston bozorida va xaridorlar orasida qay biri ommaviyroq – iPhone 7’mi yoki Galaxy S8?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!